Telegram Web
“Hozir Orol dengizi qurib bormoqda. 1980-yilga borib, O‘rta Osiyodagi sug‘oriladigan yerlar ikki marta kengayishi va Amudaryo bilan Sirdaryo suvini shu yerlarni sug‘orishga butkul sarflash natijasida Orol dengizining suvi hozirgisidan 5 marta kamayib, uning o‘rnida kichkinagina sho‘r ko‘lcha qolsa kerak. Lekin bu hol, mutaxassislarning fikricha, xalq xo‘jaligiga aslo putur yetkazmaydi”.

Bu 1965-yilgi o‘zbek gazetasidan iqtibos.

Hozir ham istalgan bo‘lajak tahdid haqida “mutaxassislar”ning taxminan shunday ovuntirishi quloqqa chalinadi - “bu aslo putur yetkazmaydi”. Vaholanki, 1965-yili Orol quriyotganini bilishgan ekan, bir iroda ko‘rsatib, uni saqlab qolish mumkin edi, shekilli. Xuddi hozir ham bir-ikki to‘g‘ri qaror bilan ko‘plab bo‘lajak ekologik va texnogen falokatlarning oldini olish mumkin bo‘lganidek.
Rossiyaning dronlari bitta topshiriqni olib, ortga qaytmaydigan kamikadze, shekilli. Topshiriq bilan uchirib yuborilgach, ularni shunchaki ortga qaytarib yo qo‘ndirib bo‘lmasa kerak.

Shuning uchun, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina energetika obyektlariga zarba berishi kerak bo‘lgan o‘z dronlarini o‘zi urib tushiribdi. Va bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligining o‘zi xabar beryapti.

Bular — tentak va boshqalarni ham o‘zi kabi tentak deb o‘ylaydi. Agar Rossiya Mudofaa vazirligi shu xabarda aytgan ishini rostdan ham qilgan bo‘lsa, g‘irt tentak ekan. Granata ushlagan maymundan farqi yo‘q tentak.

PS. Bu tentaklar “biz faqat harbiy nishonlarga zarba beramiz, fuqarolik va energetika obyektlariga zarba bermaymiz”, degan gaplarini ham esidan chiqarib yuborgan.
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Bundan 35 yil muqaddam O‘zbekistonda birinchi marta mamlakat prezidenti lavozimi joriy etilgan edi. Prezidentning maoshi qancha bo‘lgan? Parlament qanday holatlarda prezidentni lavozimidan bo‘shatishi mumkin edi? Shugina savolchalarga javobchalar — shu videochada 👉 https://www.instagram.com/p/DHkzHjvNjet/
Muhrim / Муҳрим
O’zbekistonning energetika tarmog‘i noqobil odamlarning qo‘lida qolib ketmaganida, ehtimol, gazimiz haqiqatan ham uchta O‘zbekistonga yetgan bo‘lardi. https://www.tgoop.com/gazetauz_ozb/49161
Azim Ahmedxo‘jayev desa, uning AKT vaziri sifatida 2018-yili bergan intervyusi esimga tushadi. Oradan 7 yil o‘tdi. Navoiyda 2019-yil boshida ishga tushishi va’da qilingan havo tibbiyot tizimi ishga tushganmi ishqilib?
AQSh davlat rahbarlariga O‘zbekiston prezidenti sifatida tanishtirilgan birinchi o‘zbekistonlik Shavkat Mirziyoyev emasligi aniq, lekin, eng qizig‘i, Islom Karimov ham emas. O‘zbekiston prezidenti bilan ko‘rishgan birinchi Amerika prezidenti ham kichkina Jorj Bush yoki Bill Klinton emas, balki Duayt Eyzenxauer. Lekin uning zamonida O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lmagan. Gap kim haqida? Javobi — mana shu videochada :) https://www.instagram.com/reel/DHqm3h0Nf-j/?igsh=MW84bXpnd2dka3UyeQ==
O‘zbekiston prezidenti O‘zbekiston parlamentidan biror nimani iltimos qilsa – topshiriq bersa emas, ko‘rsatma bersa emas, tavsiya bersa emas, master-klass o‘tib bersa emas, shunchaki YORDAM SO‘RAB ILTIMOS QILSA, parlamentimiz prezidentimizga “YO‘Q!” deyishini tasavvvur qila olasizmi? Hozircha men ham tasavvur qila olmayman, lekin kamida bir marta shunaqa bo‘lgan. Kim, nima, qachon, qayerda, qanday qilib – bu barcha savollarning javoblari mana shu videochada: https://www.instagram.com/muhrim/reel/DHtWVbst-cZ/
Muhrim / Муҳрим
O‘zbekiston prezidenti O‘zbekiston parlamentidan biror nimani iltimos qilsa – topshiriq bersa emas, ko‘rsatma bersa emas, tavsiya bersa emas, master-klass o‘tib bersa emas, shunchaki YORDAM SO‘RAB ILTIMOS QILSA, parlamentimiz prezidentimizga “YO‘Q!” deyishini…
Tunov kuni Instagram’da O‘zbekistonning Karimovdan avvalgi prezidentlari (yoki “prezident”lari) haqida bir video qo‘ygandim. Unda “birinchi prezident” Yo‘ldosh Oxunboboyevning o‘limidan so‘ng G‘afur G‘ulom unga bag‘ishlab marsiya yozgani haqida ham aytilgandi. Bir kishi o‘sha she’r haqida so‘ragan ekan, uning matnini quyida keltiraman (she’r G‘afur G‘ulomning mukammal asarlari to‘plamining 1984-yili nashrdan chiqqan 2-tomidan (pdf) olindi).

ALVIDO

(O‘rtoq Oxunboboyev xotirasi)

Uyasin tark etgan mahzun bulbulday,
Chamandan uzilgan parishon gulday,
Oradan yo‘qoldi qadrdon ota,
O‘zbekka jonajon, mehribon ota,
O‘lim bolishiga qo‘yildi boshi,
Xusufga uchradi umrin quyoshi,
Yig‘lamoq odatim yo‘q erdi, ammo,
Yig‘lamay bo‘larmi bu motam aro?

Yig‘lamoq qayg‘uni yumshatar, balli,
Ko‘z yoshi motamga berar tasalli.
Obod Farg‘onaning chaman bog‘idan,
Sehrli Farhodning yuksak tog‘idan,
Buxoro, Xorazm yiroq yog‘idan,
Ko‘klamda o‘lkamning sahar chog‘idan —
Nasimday nafasing bizga kelajak.

Har aziz keksaning mushfiq pandida,
Halima avjining eng balandida,
She’rimning sho‘x satri, tannoz bandida,
Har usta notiq ham orzumandida,
Sening burro tiling so‘zga kelajak.

Ishchi pok uyida olar ekan dam,
Go‘yo, yer nonini sen bilan baham,
Kolxozchi yeriga qo‘yar ekan suv,
Ko‘zguday bo‘ladi senga ro‘baro‘.
Uning to‘q xonasi sendan minnatdor,
Bu baxt kitobida sening imzong bor,
Gigant binolarda bu sarvqomat
Qaddingga tavoze qiladi albat.
Qo‘lingdan o‘tmishdir har bitta xishti.
Rahmat der o‘zbekning o‘n yetti pushti.

Soddayu ulug‘vor, oddiy, ammo haq,
Munosib sifatlar senda, muhaqqaq,
Barisi sen osha bizlarga meros,
Bu xislat haqiqiy kommunistga xos...

Ey, bizning birinchi raisi jumhur,
Ismingdan o‘zbekning sha’niga g‘urur.
Do‘stlarning bazmida xandon pech-bapech,
Dushman qarshisida beomon qilich,
Yoshlarga chin padar beradi o‘git,
Ëvlarning bo‘ynini uzishga burgut,
Dilida doimo yagona armon:
«Eng so‘nggi fashist ham topmasin omon
Leninga qadamjo bo‘lgan bu o‘lka
Ustiga tushmasin mash’um ko‘lanka,
Sovetlar Vatani barqaror bo‘lsin,
Partiya bayrog‘i poydor bo‘lsin» —
Niyating o‘rinlar, e mushfiq padar,
O‘zbek tomirida qon yurgan qadar,
Bizda boqiy qolur meros — intiqom,
Qilamiz Gitlerni tez kunda tamom...
Yurtimiz bo‘ladi qaytadan bo‘ston,
Bu kurash million yil tillarda doston,
Mag‘rur va muzaffar qabringga kelib,
Tavoze qilamiz ikki bukilib,
Jangovar o‘g‘ilmiz, bizdan bo‘lgil shod,
Tinch uxla, g‘azabga o‘rgatgan ustod.

Sevganing Farg‘ona, yering Samarqand,
Sen orzu qilgandek, gullar necha chand,
Sen boshlab, bitkazmay ketgan imorat,
Mo‘ljal qilganingday bo‘lar mahobat.

Tezroq bita qolsa, deganing Farhod,
Shirin dostonlarda qilar seni yod.
Ardoqli Toshkent senga poytaxt,
Boshiga nur sochar doim uning baxt,
Qadrli Vataning va aziz xalqing
Seni hech unutmas, bu hurmat haqqing,
Shu Vatan, shu xalqing saodati-chun,
Umrlar baxtiyor halovati-chun,
Dilingda saqlagan minglarcha tilak
Jobajo bo‘lajak o‘ylaganingdek.
Bu yerda sen bizga doimo takror
Qilganing qaysiki millatlardan bor,
Yashagay bir-birga do‘st-jonajon,
Ey dili uyg‘og‘u sokit, otajon.

Yo‘ldosh otamizdan ayirdi o‘lim,
O‘z eski hukmini buyurdi o‘lim.
Ko‘zimiz yosh aro, dilimizda dog‘,
Alvido, qadrdon ota, alvido!

1944
Ramazon Hayiti muborak bo‘lsin!
Kecha Instagramda Putin O‘zbekiston prezidentini tarixda birinchi marta Navro‘z bilan tabriklagani va bu mavzuda (u) kimdan ibrat olishi kerakligi haqida bir video qo‘ygandim (kiringlar, ko‘ringlar, layk qo‘yib, albatta komment ham yozinglar). Fursatdan foydalanib, bu mavzuga o‘zi qanday kirib qolganimni bayon qilib bermoqchiman.

Oxirgi prezident saylovidan keyin prezidentga qaratilgan (kamsonli) xorijiy tabriklar bilan tanisha turib, chet davlat va hukumat rahbarlari O‘zbekistonga qachon, qanday bahonalar bilan tabriklar yo‘llashiga qiziqib qolgandim. Ha, salkam ikki yil avval. O‘zimga qiziqroq mana shunday mayda-chuyda mavzularga sho‘ng‘ish odatim bor; tarki odat - amri mahol.

Bu yo‘nalishda eng yaxshi ochiq manba va ma’lumotlarning eng yaxshi ombori - bu prezident matbuot xizmatining sayti. U yerda prezident nomiga kelgan va ommaga oshkor qilingan deyarli barcha tabriklar haqida ma’lumot topsa bo‘ladi (lekin, taxminimcha, oshkor qilinmaydiganlari ham bor, “qutlovlar kelishda davom etmoqda”, degan papka ichida).

Mana shu ma’lumotlar asosida bir-ikki “kashfiyot” qildim; o‘zi bular kashfiyot ham emas, shunchaki avval e’tibor bermaganman, xolos. Boshqa ko‘pchilik ham e’tibor bermaydi.

Shunday qilib, chet davlat va hukumat rahbarlari O‘zbekistonni yil davomida asosan besh bahona - Yangi yil, Navro‘z, Ramazon Hayiti, Qurbon Hayiti va Mustaqillik bayrami bilan tabriklar ekan (darvoqe, Ramazon kirib kelishi ham bor). Yon atrofdagi qo‘shni mamlakatlar, diniy va milliy jihatdan bizga yaqin Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Pokiston kabilardan beshala bayramda ham tabriklar kelarkan (bu ro‘yxatga yana bir kutilmagan va Putinga ibrat davlatni qo‘shish mumkin).

Eng asosiy milliy bayramimiz - Mustaqillik kuni va xalqaro darajadagi eng katta bayram - Yangi yilda butun dunyodan tabriklar kelarkan. Bu bayramlarda kelgan qutlovlarga qarab siyosiy geografiyani ham o‘rganish mumkin - qaysi davlatda qanday siyosiy tuzum hukmron, kim boshliq, degandek. Tabriklar ko‘pligi bo‘yicha keyingi bayram - Navro‘z. Masalan, Xitoy Navro‘zda ham tabriklarkan (ehtimol, xitoycha Yangi yil tabrigi uchun javob bo‘lsa kerak).

Undan keyin - Hayitlar. Mana shu joyida O‘zbekistonni yuqorida sanalgan deyarli har bir bayramda tabriklaydigan kutilmagan mamlakat nomini aytsa bo‘lar. Bu — AQSh. To‘g‘ri, Bayden davrida Hayitlarda tabriklar keldimi-yo‘qmi, bu haqda administratsiyamiz axborot bermagan. Lekin undan avvalgi davrda bir Ramazon Hayitida, bir Qurbon Hayitida qutlov kelib turgan. Navro‘z, Mustaqillik va Yangi yil tabriklarida esa deyarli uzilish yo‘q.

Rossiya esa 2025-yilgacha biror marta tabriknoma yuborib Navro‘z bilan tabriklamagan (Hayit haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi). Vaholanki, Navro‘z AQShdan ko‘ra aynan Rossiyaga yaqinroq. Birinchidan, Rossiyada Navro‘zni nishonlaydigan millionlab aholi, butun boshli respublikalar va millatlar bor. Ikkinchidan, undan janubdagi barcha davlatlar (ta’bir joiz bo‘lsa, uning eng yaqin hamkorlari)da Navro‘z - milliy bayram. Shu jihatdan Putin 2025-yilgacha Navro‘z bilan hech tabriklamagani menga g‘alati ko‘ringandi, ham yangilik bo‘lgandi.

Putinning u yoki bu bayram bilan tabriklashi shunchalik muhimmi, deyishingiz mumkin. Menga-ku farqi yo‘q, ma’lumot va xulq-atvor nuqtayi nazaridan qiziq, xolos. Lekin, umuman olganda muhim, shekilli. Bo‘lmasa, bor-yo‘g‘i birinchi marta tabriklashiga qaramay, bu yilgi qutlovlar ro‘yxatida Putinni birdan birinchi o‘ringa, har yili Navro‘z bilan tabriklaydigan AQSh prezidentini uchinchi o‘ringa qo‘yishmasdi-ku (o‘zi AQSh tabrigi shu vaqtgacha ham bu ro‘yxatda ikkinchi turardi - Xitoynikidan keyin).

Nega bunday ro‘yxatlarda Rossiya bir, Xitoy ikkinchi va AQSh uchinchi o‘ringa qo‘yiladi? Bu, ehtimol, sovet an’analari hamda bu an’analarni mahkam ushlagan va hatto Sergey Dovlatovning boshini qotirgan sovetcha muharrirlar hali ham ishlayotgani bilan bog‘liqdir, kim bilsin. Qanday an’ana, qanaqa muharrir, kim u Sergey Dovlatov, deysizmi? Davletovuzdan so‘rang 😉
Samarqand darvoza ko‘chasida mana shunaqa ramziy darvoza bo‘lardi. Bir eski video bahona bo‘lib, kecha o‘sha yerga borib keldim. Birinchi videohisobot — Instagramda: https://www.instagram.com/reel/DH3u8fattHK/?igsh=MWluNnFra2V3MTE3eQ==
Andersenning “Qirolning yangi libosi” ertagi haqida video tayyorlash bahona o‘zim uchun ikkita yangi narsani bilib oldim. Kichik kashfiyotchalar, desa ham bo‘ladi.

Birinchi yangilik shu bo‘ldiki, internetning o‘zbek segmentida bu ertak tarjimasining tayinli matnli ko‘rinishi bo‘lmagan ekan. Shu vaqtgacha. Audioversiyasi bor (pullik), lekin matni yo‘q. Andersen ertaklarining oxirgi 10-15 yilda chiqqan o‘zbekcha to‘plamlarida ham yo‘q. Axir kelib-kelib shu ertak tarjima qilinmagan bo‘lishi mumkin emas-ku.

Oxiri 1947-yili chiqqan “Ertaklar”dan topdim ertakni. Audioversiyasida ham O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova aynan shuni o‘qigan ekan. Endi bu matn internetda ham bor - mabodo o‘qigingiz kelib qolsa, siz ham mendek qiynalib yurmang deb, har balolar saqlanadigan makonga joylab qo‘ydim. Marhamat!

Ikkinchi kashfiyotcham haqida o‘ylasam, hozir ham xuddi bir zo‘r xazina topib olgan odamdek xursand bo‘lib ketyapman. Milliy kutubxonaning sayti interfeysi g‘alatiroq, lekin kontent jihatda zo‘r. Faqat undan foydalanishni bilish kerak. Agar shu Andersen bo‘lmasa, ehtimol, men hali ham foydalanishni bilmayotgan bo‘lardim.

Xullas, 1947-yilgi o‘zbekcha to‘plam borligini Milliy kutubxona saytidan bildim. Keyin u kitobni olib ko‘rish uchun Milliy kutubxonaga bordim. U yerda kutubxonachi so‘rovimni kompyuterida tekshirib, bu kitobning asl matni bazada bor ekani, kitobning o‘zi chiqqunicha kompyuterda kitob bilan tanishib turish mumkinligini aytdi.

Buning uchun qidiruv vaqti chiqqan natijalar orasidan “Asl matn”li kitoblarni izlash kerak ekan. Shundan so‘ng “Asl matn” degan yozuv ustiga bossangiz, butun boshli kitob “labbay” deb chiqib kelarkan. Buning uchun kutubxonaga borish ham shart emas, internet bo‘lsa kifoya - uydan o‘tirib ham o‘qiyverasiz. Shugina narsani shu vaqtgacha bilmasdim.

Anchadan beri izlab yurgan bir-ikki kitoblarim bor edi - qidirsam, ular ham bus-butun chiqib keldi. O‘sha lahzada qanchalik xursand bo‘lganimni ko‘rsangiz edi! Oltin vasvasasiga uchragan kishilar katta tilla topib olsa, esini yo‘qotadi-ku, taxminan shunday ahvolda edim-da. Menga shu narsani o‘rgatgani uchun kutubxonachi opaga rosa rahmatlar aytdim.

Hozir ham rahmat aytaman - opaga ham, shunday baza qilib qo‘ygan Milliy kutubxonaga ham! Taxminan oxirgi 8-9 kundan beri Instagramda rilschilik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam, o‘zim uchun kamida bitta zo‘r foydani olib bo‘ldim.
Biz “Gazeta.uz”da Yandex Music bilan hamkorlikda “Mahallalar musiqasi” nomli bir loyiha boshlaganmiz. Unda mashhur kishilar bilan birga ular piyoda aylanishni yaxshi ko‘radigan joylarda birga sayr qilamiz.

Loyiha doirasidagi birinchi material “Konsta” taxallusi ostida ijod qiluvchi reper Sharif Abdullayev bilan bo‘ldi. U bilan birga aylanib, o‘zim uchun Gulistonni kashf etdim. Aksar shaharlarimiz bir qarashda kichik va bir-biriga o‘xshashdek ko‘rinsa ham, u yerda yashaydigan odamlar bilan gaplashsang, ichkariroq kirganing sari, nafaqat bu shaharlarning o‘zi, balki har bir mahallasi, ko‘chasi, burchagi ulkan bir olam ekanini yana bir bor anglaysan.

Guliston ham shunday. “Gulistonga ham borasanmiye, nimasi qiziq uning?”, deyishi mumkin birov. Konstaning o‘zi ham “sal tushkunroq shahar”, deb ta’rifladi. Ammo odamlar u yerda yashashda davom etyapti-ku, hammasi ham noilojlikdan yashamaydi-ku u yerda. Ha, u Dubay emas, Buxoro ham emas, Farg‘ona ham emas. Lekin u tirik, jonli, “aytadigan gaplari” bor. Shunchaki bu shaharni men yaxshi bilmayman, ko‘pchiligimiz yaxshi bilmaymiz.

Mana shu bilimsizligimni tugatish uchun Gulistondan, umuman, Sirdaryo viloyatidan hikoyalar tayyorlashni rejalashtirib qo‘ydim. Bu rejalar qanchalik tez ro‘yobga chiqadi, bilmadimu, lekin hozircha Konstaning Gulistoniga taklif qilishim mumkin.

PS. Darvoqe, shu material chiqqach, Konstaning Lamborghini'lar o‘tolmaydigan ko‘chasini ta’mirlash ishlari boshlanga edi (oxiri nima bo‘ldi, bilmadim).
Muhrim / Муҳрим
Biz “Gazeta.uz”da Yandex Music bilan hamkorlikda “Mahallalar musiqasi” nomli bir loyiha boshlaganmiz. Unda mashhur kishilar bilan birga ular piyoda aylanishni yaxshi ko‘radigan joylarda birga sayr qilamiz. Loyiha doirasidagi birinchi material “Konsta” taxallusi…
Bolaligimda bir davr bo‘lgan - qaysi radiokanalga qo‘yma (ha, biz kichkinaligimizda yotvolib “Sezamu” “Hamroh”larni eshitardik, nonushta “Oriat Dono”ning samimiy dasturlari bilan o‘tardi), hammasida yo “Ëmg‘iiiir, yooog‘ardi tinmay…”, yo “Lola, lola-la-lu-la…” degan qo‘shiq.

“Sahar” mana shunaqa mashhur edi. Menga bu ikkisidan ko‘ra “Omadsiz kun” degan ashulasi ko‘proq yoqqan (kassetaga ham yozib olgandim), hozir ham pleylistimda bor, zo‘r qo‘shiq. Eng qizig‘i, guruh shunchalik mashhurligiga qaramay, deyarli pulsiz bo‘lgan ekan.

O‘zingiz o‘ylang, “Omadsiz kun” degan qo‘shiq nafaqat nolinchi yillarning boshidagi, balki hozirgi zamonaviy to‘ylar uchun ham sal noqulayroq-da. Ha, to‘y kuni ham kimdir uchun omadsiz bo‘lishi mumkin, lekin baribir bu haqda to‘yning o‘zida aytib bo‘lmaydi-da 🙂

Xullas, guruh solisti Anvar Jo‘rayev to‘yga chiqmay pul topish uchun Qozog‘istonga chiqib ketgan ekan. “Mahallalar musiqasi”ga bergan intervyusida u nega 10 yildan ko‘proq vaqt o‘tib O‘zbekistonga qaytgani, nolinchi yillar boshida mintaqada eng zo‘r bo‘lgan o‘zbek shou-biznesi nega hozir Qozog‘istonnikiga yaqin ham kela olmayotgani, nega Tashkent City uning o‘rnida bo‘lgan eski O‘qchi mahallasidan ko‘ra yaxshiroq ekani haqida gapirgan.

U aytgan bitta gapga qo‘shilmay iloj yo‘q - “O‘zbekkonsert”ni tugatish, konsert-tomosha faoliyatidagi senzurani yo‘qotish kerak. Aynan senzura sabab to‘y va marosimlar sanoati butun shou-biznesimiz uchun Quyoshga aylanib qolgan, chunki boshqa har qanday ijod yo taqiqda, yo ta’qibda. Anvar Jo‘rayevning fikricha, senzura yo‘qolishi bilan sifat ham, xilma-xillik ham birdan ko‘payadi. Bu fikr ijodning boshqa sohalari uchun ham mos tushaveradi.
Ruanda bugun Afrikaning eng tez rivojlanayotgan mamlakatlaridan biri. Ammo bundan 31 yil avval u yerda genotsid boshlangan edi - xutu elati tutsilarni qira boshlagan. 100 kunda 800 ming odam o‘ldirilgan. Dunyo bu hodisani asosan tomoshabin sifatida kuzatgan (xuddi hozirgi kundagi genotsidlarda bo‘lgani singari). Bugun Instagram’da shu voqea haqidagi eng mashhur kitoblardan biridan bir kichkina parcha o‘qidim. Ehtimol, qiziq bo‘lar: https://www.instagram.com/muhrim/reel/DIIOrzjCGrD/
Kecha bizga qo‘shni - “Shoshtepa” mahallasiga yo‘lim tushib qoldi. Bu mahallaning markazini o‘tgan yildan beri “tashrif”ga tayyorlashadi. Bir kirib aylandim, havasim keldi - moshina kirolmaydigan, bolalar bemalol yuradigan hudud qilingan, hammayoqqa, har bir pod’ezd oldiga skameykalar qo‘yilgan, bolalar uchun ham bir necha o‘yingoh bor. Xullas, zo‘r.

Shunga bir havasim kelib, “vayvo‘”lab, bir nafasda videocha olib, avval Instagramda storisga, keyin Telegramdagi “A’zamxo‘jayev” kanalimga qo‘ygandim. Bugun bilsam, u video kechaning o‘zida Telegramdagi yuz ming-millionlik auditoriyali kanallarga chiqqan ekan, Instagramda tavsiyalarga chiqib ketibdi.

Masalan, Instagramdagi bir sahifada hozirgacha 300 mingdan ortiq ko‘rilibdi, layklar 20 mingdan ortiq. Do‘stu tanishlar, hamkasblarning qanchasi “mahallamizning Telegram-guruhida ovozingni eshitdik”, deb o‘zim olgan videoni o‘zimga yuborishdi. Bir tomondan, odam xursand bo‘larkan - qiziq narsani ko‘rib, eplab ko‘rsata olsang, ko‘rarkan-da odamlar.

Boshqa tomondan, “Nega shu videoni kecha o‘zim Instagramda rils qilib qo‘ymadim?”, degan savol xayolda aylanyapti. Lekin bu ham aslida ko‘p o‘ylanadigan narsa emas. Birinchidan, nasib qilgani, buyurgani. Ikkinchidan, mening Instagram sahifamda bu video, ehtimol, bunchalik ko‘rilmasdi, bunchalik ommalashmasdi.

Mualliflik huquqi masalasida, ya’ni, yo‘q narsalar haqida gapirishga hojat yo‘q 🙂 Bu voqeadan olgan saboqlarimdan biri – videoda “vayvo‘”dan tashqari biror yozuvli dastxating ham bo‘lishi kerak ekan. Kelasi safar inobatga olamiz.

Umuman, Instagram qiziq ekan, menga yoqyapti 🙂
Muhrim / Муҳрим
Kecha bizga qo‘shni - “Shoshtepa” mahallasiga yo‘lim tushib qoldi. Bu mahallaning markazini o‘tgan yildan beri “tashrif”ga tayyorlashadi. Bir kirib aylandim, havasim keldi - moshina kirolmaydigan, bolalar bemalol yuradigan hudud qilingan, hammayoqqa, har bir…
“Shoshtepa”ni aylanish vaqtida videoga olishdan boshqa narsalar ham xayolga kelgandi. Avvalo, kishining havasi keladi. Keyin, bizning “Yurtobod”da ham shu - “Shoshtepa”nikiga o‘xshash saylgoh qilgulik joylar bor edi, shekilli.

Masalan, eski garaj xo‘jaligi bor edi. Katta. Lekin uni yo 2016-yili, yo 2017-yili “o‘rniga ko‘p qavatli avtoturargoh qurib beramiz” deb buzishdi (o‘shanda shaharda shunaqa “epidemiya” tarqalgandi); u yerda Yunusobod-19 mavzesining shu qismida yashovchi qanchadan-qancha odamning moshinasi turar, moshinasi yo‘q yana qanchadan-qancha odamning garaji bor edi, shekilli.

Bu joy bir-ikki yil vayron bo‘lib yotdi, keyin bir chekkasida to‘rt qavatli klinika qad ko‘tardi. Keyin uning ortida to‘qqiz qavatli “dom” paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, xususiy bog‘cha ham. Hozir yana ikki-uchta to‘qqiz qavatli uy qursa bo‘ladigan joy bo‘sh turibdi. Ammo Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonovning va’dasi: “Bu yerda ko‘p qavatli avtoturargoh bo‘ladi”, edi.

Oxirgi ikki-uch yilda moshina sezilarli ko‘paydi. Uch-to‘rt yil avval “dom”imiz oldidagi avtoturargohda doim bir necha bo‘sh joy qolardi - hozir umuman joy yo‘q, to‘la, hatto toshib chiqib, asta chetdagi yashil hududlarni egallay boshlayapti. Mahallalar ichidagi har bir bo‘sh joy betonlashtirilib, avtoturargohga aylanish xavfi ostida.

Agar o‘shanda va’da qilingan avtoturargoh qurilganida, kim bilsin, hozir “Shoshtepa”dagidek saylgohni biz tarafda ham qursa bo‘lardi. Umuman olganda, hozir ham saylgohimiz yo‘q emas. Lekin “Shoshtepa”nikidek katta va u yerdagidek qulayliklar, sharoitlar yo‘q. Masalan, skameyka - qariyb anqoning urug‘i; bolalar maydonchasi kattalar uchun xavflidek ko‘rinadi.

“Bir bo‘sh joyga uch qavatli klinika ham qurib olishgan, katta avtoturargohi bilan”, deb negativchilik qilmoqchi edim, lekin, adolat nuqtayi nazaridan, uning yonidagi mitti xiyoboncha ham, buyoqdagi – bolalar qayerda futbol o‘ynashini bilmay, vaqti-vaqti bilan bostirib kirib turadigan — yashil hudud ham o‘sha klinika sharofati, shekilli. Lekin shundoqqina yoningdagi “Shoshtepa”dagi sharoitlarni ko‘rganingdan keyin, odamsan-ku, iching qizirkan-da.

Mayli, “Shoshtepa” - bu umuman respublika darajasidagi favqulodda hodisa, uning bunday “vayvo‘” bo‘lib ketishining subyektiv sabablari bor (u sabablarni keyinroq esdalik lavhasi qilib osib qo‘ysa ham bo‘ladi). Boz ustiga, yuqorida yozganimdek, bizda bunday katta saylgoh qilish mumkin bo‘lgan joylarga ancha-muncha narsa qurib bo‘lingan. Buzish shart emas. Umuman, hech narsani o‘zgartirish ham shart emas, shekilli.

Faqat bir narsa — “Yurtobod”dagi har bir hovli ahli ham ham odam tortinmay o‘tirgisi keladigan skameykalar (beton o‘rindiq emas, rostakam skameyka), xavfsiz bolalar maydonchalari, moshinalar kira olmaydigan xavfsiz orom hududlariga loyiq. Lekin bu shunchaki mahalla rahbariyatining xohish-istagi bilan bo‘lib qoladigan narsa emas. Shu bilan birga, qaysidir kotakon kelsa-kelmasa har mahalla hovlilarida mana shunday sharoitlar bo‘lishi kerak, manimcha.

PS. Tadbir o‘tgach, “Shoshtepa”ga qo‘yilgan va o‘rnatilgan narsalar qaytarib olib ketilmaydi, deb ishonaman. Biz ham oilaviy borib, aylanib turamiz, Xudo xohlasa. Har qalay, Yunusobodda bunaqa sokin va xavfsiz joylar unchalik ham ko‘p emas.
Shu, pampers masalasida.

Qizil “Haggis”ning qizlar uchun mo‘ljallangan 4-o‘lchamlisi yo‘qolib qoldi. 3-o‘lchamlisi bor, 5-o‘lchamlisi ham bor, aynan 4-si yo‘q-da. “Elit soft” turining ham, arzonrog‘ining ham. Hech qayerda yo‘q. “Korzinka”da ham (har holda, ikki kun avval yo‘q edi; qizimning tengdoshlari bunchalik ko‘pligini bilmagandim).

Samarqand darvoza tarafdagi bir do‘konda doim bo‘lardi, ham nisbatan arzonroq; yo‘q, u yerda ham yo‘q. Do‘kon egasidan so‘radim: “Nega yo‘qolib qoldi shu, Korzinkada ham yo‘q?”, deb. “O‘zi bor, yetkazib beruvchining omborida turibdi, faqat sertifikatsiyasi cho‘zilib ketdi, – deydi. – Korzinkada uch oylik zaxira bo‘lishi kerak edi, lekin bu safar ular ham eplay olmay qoldi”.

“Bolalarning pampersiga yopishgan tirraqilar iloyo chicholmay qolsin”, – deb qo‘ydim. Bu qarg‘ish do‘konchiga ham ma’qul keldi, shekilli. Ko‘ngillar biroz yorishdi. Axir bu sharafsiz ochofatlar, ularning rahnamolari va texnik ko‘makchilariga qarshi boshqa chora yo‘q. Teshib chiqsa kerak qachondir.

Venesuelada ham pampers muammosi bor, deyishadi. Lekin Venesuelaga qarshi AQSh va uning sheriklari son-mingta sanksiya qo‘ygan, importini cheklab tashlagan. Xullas, u yerdagi bolalarning sifatli pamperssiz qolib ketishiga sababchi “haqiqiy dushman” bor. Tashqi dushman u. “Mana shularni deb biz shu ahvoldamiz”, deb xalqni chalg‘itsa bo‘ladi (chunki aslida muammo AQShda emas, avtobus haydovchisida).

Bizning ahvol esa og‘irroq — chalg‘itish uchun foydalansa bo‘ladigan tashqi dushmanimiz ham yo‘q. Hamma dushmanlarimiz — ichimizda.
2025/04/10 05:41:13
Back to Top
HTML Embed Code: