Telegram Web
​​Savodxonlik darslari

“Ibrat farzandlari” loyihasida tayyorlangan videodarslar:

1-dars. Bogʻgami yo boqqa?
2-dars. Qoʻshma ot va qoʻshma sifatlar imlosi
3-dars. -illa va -dir qoʻshimchalari imlosi
4-dars. Takror tovushlar imlosi
5-dars. Juft soʻz va takror soʻzlar imlosi
6-dars. Chiziqcha bilan yozish qoidalari
7-dars. Yuklamalar imlosi
8-dars. Koʻmakchilar imlosi
9-dars. Hammayoq yoki hamma yoq?
10-dars. Timqorami yo tim qora?
11-dars. Toʻgʻridan-toʻgʻrimi yoki toʻgʻridan toʻgʻri?
12-dars. Izofali birikmalar imlosi
13-dars. Joy nomlari imlosi
14-dars. Qisqartma soʻzlar imlosi
15-dars. Sayyora, yulduz va boshqa osmon jismlari nomi imlosi
16-dars. Asarlar, mahsulotlar, bino va inshootlar nomi imlosi
17-dars. Muhim tarixiy sana va bayramlarning nomlari imlosi
18-dars. Tartib sonlar imlosi
19-dars. Tashkilotlar va mansablar nomi imlosi
20-dars. Unvonlar qanday yoziladi?
21-dars. Boʻgʻin koʻchirish qoidalari #1
22-dars. Boʻgʻin koʻchirish qoidalari #2
23-dars. Qonun, qaror, farmon, farmoyish nomlari imlosi
24-dars. Mana bu va manavi, ana bu va anavi
25-dars. Fan nomi qanday yoziladi?
26-dars. -yapti, -yabdi, -ayapti
27-dars. Variantdosh soʻzlar imlosi
28-dars. Sulola nomi qanday yoziladi?
29-dars. Oliy oʻquv yurtlari, fakultetlar, yoʻnalishlar va kafedralar nomi imlosi
30-dars. Koʻcha nomlari va uy raqamlari imlosi
31-dars. Maktablar va sinflar nomi qanday yoziladi?
32-dars. -chi: chiziqcha bilan va chiziqchasiz
33-dars. Qanday yozamiz: bosh harfdami yoki kichik?
34-dars. Ism-familiyalar imlosi
35-dars. Tutuq belgisining qiyinchiliklari
36-dars. Kattalik birliklari imlosi (1-qism)
37-dars. Kattalik birliklari imlosi (2-qism)
38-dars. Soʻz va qoʻshimchalar raqamlardan ajratib yoziladi
39-dars. -u, -yu va chiziqcha
40-dars. Takror soʻzlar va takrorlangan soʻzlar imlosi
41-dars. Taqlid soʻzlar va ulardan yasalgan soʻzlar imlosi
42-dars. “Al” va uning imlosi
43-dars. Mavzu nomlari qanday yoziladi?
44-dars. Elektron OAV va portallar nomi qanday yoziladi?
45-dars. Sport musobaqalari nomi imlosi
46-dars. Qoʻsh undoshli oʻzlashmalar imlosi
47-dars. “H” va “X”ni qanday oson farqlash mumkin?
48-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (1-qism)
49-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (2-qism)
50-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (3-qism)
51-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (4-qism)
52-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (5-qism)
53-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (6-qism)
54-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (7-qism)
55-dars. Juvonmardni juvonmarg qilmang
56-dars. Toʻgʻrisi yod, xatosi yot boʻlsin
57-dars. Joniga oro kirdimi yo ora kirdi?
58-dars. Ziyolilarni ham adashtiradigan so‘zlar
59-dars. Talaffuzi sabab imlosi qiyinlashgan so‘zlar
60-dars. Ozroq eʼtiborli boʻlsangiz yetadi – xato qilmaysiz

👉 YouTube’da koʻrish

@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
👍20🔥5💯3
Ona tili va adabiyoti | | Izamov
⚡️Orif Tolib ustozimizning yuqorida iqtibos qilingan postlari bo’yicha menda bir savol paydo bo’ldi: “Taroqchilik” so’zi ham soha otini ifodalaydimi shunda, ustoz? Shu kunga qadar bu otning morfemik tuzilishini “ Tara + q + chi + lik” tarzida o’rgatib kelganman……
Soʻz va qoʻshimchalarni toʻgʻri oʻrgatgansiz. Lekin taroqchilik soʻzi soha oti emas. Taroqchi degan degan kasb boʻlgan, u taroq yasash bilan shugʻullangan:

Beshikchilar, taroqchilar, dukchilar Mayramxonni oʻz qoʻllari bilan ovqatlantirishni baxt deb bilar edilar.
Gʻafur Gʻulom, “Shum bola”.

Shu kasbni bildiruvchi soʻzga -lik qoʻshimchasi qoʻshilyapti va shu kasb egasiga xos ish, mashgʻulot maʼnosini bildiruvchi soʻz yasalyapti. Bu xuddi oʻqituvchi soʻziga -lik qoʻshimchasini qoʻshishga oʻxshaydi.

Taroqchilik bilan shugʻullanuvchi kishining sohasi hunardmandchilik boʻladi.

@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
💯18👍5
Orif Tolib
​​Rassomchilikmi yo rassomlik? Muharrirlar-u yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, xullas, soʻz bilan ishlaydigan odamlar orasida tarqalgan bir qarash bor: rassomchilik emas, rassomlik boʻlishi kerak. Rassomlik variantini yoqlaydiganlar bu soʻz mazmunida -chi…
Minnatdorchilikmi yo minnatdorlik?

Kitoblar, gazeta-jurnallar, saytlarda turlicha yoziladigan, mutaxassislar orasida bahs-munozaraga sabab boʻladigan soʻzlar juftligining yana biri: minnatdorchilik va minnatdorlik.

🟢 Xoʻsh, qay biri toʻgʻri?

-chilik qoʻshimchasi faqat ish-faoliyat, sohaga oid soʻz yasaydi deb oʻylash xato. Bu qoʻshimcha asosdan anglashilgan narsa-hodisa, belgiga xos holatni bildiruvchi ot ham yasaydi: maʼmurchilik, toʻkinchilik, arzonchilik, pishiqchilik, qurgʻoqchilik, qiyinchilik.

Tilshunos Azim Hojiyev -lik va -chilik qoʻshimchalaridagi maʼno farqlarini quyidagicha koʻrsatadi:

Masalan, mehribonlik — mehribon sifatidan yasalgan belgi oti, yaʼni mehribonga xos his-tuygʻu, mehribonchilik esa shunday his-tuygʻuning ifodasi boʻlgan holat, shunday his-tuygʻuli munosabat maʼnosini bildiradi.


Xuddi shu asosga tayansak, minnatdorlik – his-tuygʻu, minnatdorchilik esa shu his-tuygʻu bilan bildirilgan munosabat deb tushunish mumkin.

❗️ Qiyoslang:

Uning koʻnglida minnatdorlik hislari joʻsh urdi.
Toʻgʻrisi, bunday minnatdorchilikni kutmagan edim.


Demak, minnatdorlik shaklini ham, minnatdorchilik shaklini ham qoʻllayverish kerak. Koʻp hollarda ularni bir-birining oʻrnida ishlatsa boʻladi.

@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
👍33🔥11💯7
“Ittifoqo” nima degani?

Bu soʻz asosan badiiy uslubda ishlatiladi. Asli arabcha bu soʻz kutilmaganda, tasodifan, toʻsatdan maʼnolarini anglatadi:

Ittifoqo uchrashib qoldik.

Ittifoqo bu masalaga eʼtibor qaratdi.

Bu soʻzdan soʻng koʻpincha vergul qoʻyishadi. Aslida vergul kerak emas.

@oriftolib
👍28🔥4
Ona tili va adabiyoti | | Izamov
Talabgor kirish qismida yana savol bilan o’z - o’zidan yechim talab qilishi esa umuman mantiqqa to’g’ri kelmaydi!
Yosh tilshunos Akmaljon Izamov essening kirish qismida yoʻl qoʻyilayotgan xatolardan biri haqida toʻxtalibdi.

Internetda tarqalgan, talabgorlar yozgan baʼzi esselarni koʻrib chiqdim. Ular ichida namunali deb maqtalgan, yaxshi baho olganlari ham bor. Toʻgʻrisi, bu esselarni ancha boʻsh deb hisoblayman. Bir qolipdagi, birmuncha sayoz esselar paydo boʻlishida baholash mezonlarining ham oʻrni bor.

Milliy sertifikat imtihonlarining esseni baholash talablari va mezonlarini oʻrganib chiqdim. Hozir shunga oid kattaroq hajmli ilmiy maqola tayyorlayapman. Nasib qilsa, tez orada eʼlon qilinadi.

Akmaljon singari amaliyotchi oʻqituvchilar bu mavzuning turli jihatlarini yoritib borsa, ayniqsa amaliy jihatlariga koʻproq urgʻu bersa, nur ustiga nur boʻlardi.

@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
👍45💯11🔥8
🤣49😢31👍19😱11🤨6🔥1
Orif Tolib
Shikva qilmoq bu – ...
Bormi ogʻriq ))

Baʼzi odamlarni test qitiqlar ekan 😁
🤣109👍12😱3🔥2
Yetish tushishni anglatmaydi

Bugun OAVda eʼlon qilingan sarlavha:

Dushanbadan dollar kursi qanchaga yetishi aniq boʻldi

Vaholanki, AQSH dollari 19,27 soʻmga tushib, 12 615,07 soʻm etib belgilandi. Yetish soʻzi kurs koʻtarilishini anglatadi. Aslida esa u pastlagan. Natijada real holatga ters mazmundagi sarlavha hosil boʻlgan. Sarlavhani mana bu kabi shakllarda berish toʻgʻri boʻladi:

Dushanbadan dollar kursi qancha boʻlishi belgilandi
Dushanbadan dollar narxi qancha boʻlishi belgilandi
Dushanba kuni dollar narxi biroz tushadi


@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
👍21🤣3🔥2💯1
“Boshdan kechirish” salbiy maʼno qirrasiga ega

Bugun kun.uz da bir reklama materialiga koʻzim tushib qoldi. Sarlavha:

“Bir yarim yilda 28 ta topshirish punkti ochildi”: Uzum Market tarmogʻi tez oʻsish davrini boshdan kechirmoqda

Bu yerda nima xato? Ijobiy mazmun koʻzda tutilgan sarlavhada boshdan kechirmoqda iborasini ishlatish toʻgʻri emas. Bu ibora oʻz hayotida koʻrmoq, tajribadan, sinovdan oʻtkazmoq, bilmoq kabi maʼnolarni bildiradi va koʻproq qiyinchilik, azob-uqubat, kasallik mazmuni bilan birga keladi. Internetda shu ibora bilan qidirib koʻring, sanalgan maʼnolarga mos misollar chiqib keladi: 1-misol, 2-misol.

Ibora neytral maʼnolarda qoʻllanadigan oʻrinlar ham yoʻq emas, masalan, sarguzashtlarni boshdan kechirdi deyilganda yuqoridagi kabi maʼnolar yoʻq. Ammo asosan salbiy mazmundagi soʻzlar bilan kelgani uchun bu iborani oʻqigan-eshitganda kishida shunga mos ongosti tasavvuri jonlanadi.

Jumlaga boshqa kichikroq bir tuzatish ham kiritish kerak. Gap tarmoq haqida ketyapti. Tarmoqning rivojlanishini ifodalash uchun oʻsish emas, kengayish soʻzini ishlatgan maʼqul. Lekin gap brend haqida ketyapti, tarmoq maʼnosi ustun emas deyilsa, oʻsish soʻzini qoldirsa ham boʻladi.

🟢 Qissadan hissa: kopirayterlar tilni chuqur bilishi, soʻzni his qilishi muhim.

Yuqoridagi sarlavhani mana bunday tahrirlash mumkin:

“Bir yarim yilda 28 ta topshirish punkti ochildi”: Uzum Market tarmogʻi shiddat bilan kengaymoqda

“Bir yarim yilda 28 ta topshirish punkti ochildi”: Uzum Market tarmogʻi tobora kengroq quloch yoymoqda

“Bir yarim yilda 28 ta topshirish punkti ochildi”: Uzum Market tarmogʻining qamrovi tezlik bilan kengaymoqda


@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz
🔥33👍27🤣1🤨1
2025/07/13 03:47:19
Back to Top
HTML Embed Code: