Telegram Web
Uzun postlar o'qishga nisbatan fikringiz qanday?
Anonymous Poll
49%
Jon deb o'qiyman
38%
Vaqt topganda o'qib ko'raman
13%
Toqatim yetmaydi
Kuzatishlarga ko'ra ko'pchilik biror mavzuni ko'rib chiqishda hadeb tarixga nazar tashlayverishni u qadar hazm qilmas yoki tushunmas ekan.

Keling, sizga tarixda yuz bergan voqealar bugungi urushlar, siyosiy jarayonlar, xalqlarning dunyoqarashi, umuman olganda, hozirgi hayotimizga qanday ta'sir qilishiga kichik misol keltiraman.

Pastdagi suratda ko'rib turganingiz NASA foydalanadigan standart kosmik shattl. Jigarrang yonilg'i bakining ikki tomonida oq rangli qo'shimcha raketa busterlarini ko'rishingiz mumkin. Ular shattlni harakatlantiruvchi asosiy dvigateldir. Injenerlar bu busterlar hajmini kattaroq qilishni doim istashgan, ammo hozircha buning iloji yo'q. Sababi busterlar Yuta shtatidagi zavoddan Floridadagi uchish maydoniga poyedda keltiriladi va yo'lning bir qismi tog' orasidagi tunneldan o'tadi. Busterlar temiryo'l va uning kengligiga qarab ochilgan ana shu tunneldan o'tishga moslab yasalishga majbur.

Amerikadagi aksar temiryo'llarning kengligi esa 1,43 metr. Buning sababi nima?

Sababi AQShdagi ilk temiryo'llarni inglizlar qurgan. Tabiiyki, ular o'lchamlarni o'z uyi - Angliyadan "olib kelgan". Xo'sh, Angliyada temiryo'l nega aynan 1,43 metr kenglikda qurilgan?

Angliyadagi ilk temiryo'llar dizaynini tramvaychilar ishlab chiqqan. O'z navbatida ular tramvay yo'li kengligini asrlar davomida foydalanib kelingan ot aravalar kengligiga moslab belgilagan. Ot aravalar asosiy qismining kengligi esa standart 1,43 metr bo'lgan.

O'z navbatida, buning sababi esa aravalar Angliyadagi asosiy yo'llar kengligiga qarab yasalgan. Keyingi savol allaqachon miyangizda paydo bo'lgan bo'lsa kerak: qadimgi inglizlar yo'llarni qurishda nega aynan bunday o'lchamdan foydalangan?

Ko'hna Yevropa, xususan, Angliyadagi ilk uzun masofalarga cho'zilgan tosh yo'llar Rim Imperiyasi tomonidan qurilgan. Imperiya injenerlari esa yo'llar kengligini o'sha siz tarixiy kinolarda ko'rganingiz urush aravasi o'lchamiga moslagan.

Oxirgi savol: nega mashhur Rim urush aravalarining kengligi aynan 1,5 metr atrofida bo'lgan?

Chunki ularga ikki ot qo'shib haydalgan va ikkita ot ketining umumiy kengligi qariyb 1,5 metr.

Shunday qilib, 2 ming yil avval yashagan ikki otning keti bugun insoniyatning kosmosga chiqishi o'lchamlarini hal qilyapti :)

Shu sababdan kelasi mavzularimizni tahlil qilishda tarixga nazar tashlash kimningdir ensasini qotirsa, unga shunchaki o'tmish qanchalik muhimligini eslatib qo'yish esingizdan chiqmasin.

www.tgoop.com/geopolitikauz
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
"Rejalar sukunatni sevadi"

Ukraina Mudofaa vazirligi ana shunday zarlavhali video e'lon qildi. Bu bilan ko'p oylardan beri kutilayotgan yalpi qarshi hujum (kontrnastuplenie) tez orada boshlanishi yoki allaqachon boshlanganini tushunish mumkin.

Frontda kelayotgan xabarlarda esa Ukraina armiyasi allaqachon harakatga tushgani aytilmoqda. Demak kelayotgan kunlar xabarlarga boy bo'ladi. Biz esa o'zgarishlarni albatta birga muhokama qilib boramiz.
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
ChVK Vagner Rossiya armiyasi podpolkovnigini asirga oldi. Bu butun urush davomida ommaga ma'lum bo'lgan ilk holatdir.

Videoda o'zini podpolkovnik Venevitin deb tanishtirgan shaxs "shaxsiy yoqtirmasligi" sabab Vagner jangchilari tushgan mashinani o'qqa tutishga buyruq bergani haqida gapiradi. U buyruq sabablariga ortiq to'xtalmagan.

Bellingcat nashri allaqachon bu shaxs haqiqatan Rossiya Qurolli Kuchlari safidagi podpolkovnik Roman Venevitin ekaniga aniqlik kiritgan.

Oxirgi vaqtlarda davlat armiyasi va Vagner jangarilari ko'p bor to'qnashayotgani, bir tomonda urushayotgan ikki kuch o'rtasida nizo kuchayayotganiga oid tasdiqlanmagan ma'lumotlar ko'payib borayotgan edi. Bu video esa bunday ma'lumotlarda jon borligini ko'rsatmoqda.

Eslatib o'tamiz, bugun Rossiya Mudofaa vazirligi 4-iyundan Ukraina yalpi qarshi hujum (kontrnastuplenie)ni boshlaganini da'vo qilib chiqqandi.
Qachonlardir O'zbekiston hududida atom bombasi portlatilganini bilasizmi?

Ukraina urushi avj olgan sari atom zarbasi ehtimoli haqida ko'p gapirilayotgan bir vaqt shu voqeani sizlarga eslatay, dedim.

1963-yilda Buxoro shahridan 90 km.cha naridagi cho'lda joylashgan O'rtabuloq gaz koni (hozirgi Qorako'l tumani)da avariya yuz berib, quduqlardan birida yong'in chiqadi.

Quduqdan kuniga 10 mln kub metrdan ortiq gaz tashqariga otilib chiqqanidan sovetlar olovni 3 yilga qadar o'chira olmaydilar.

Nihoyat, olimlarda bir g'oya paydo bo'ladi: atom bombasini portlatish orqali quduqni batamom yopib tashlash. Ular 2 kmdan chuqurroq yer qa'ridan chiqayotgan gaz hajmi, tabiiy quduq diametri va boshqa omillarni hisob-kitob qilib, bu g'oyani amalga oshirish uchun 30 kilotonna quvvatga ega yadro zaryadi kerak, degan xulosaga keladilar. (Bu Xirosimaga tashlangan atom bombasidan ikki barobar qudratli degani edi).

Nihoyat, 1966-yil sentyabr oyida amaliy harakatga o'tiladi. Tabiiy quduq yonidan 1,5 km chuqurlikka parallel teshik ochiladi va unga yadro zaryadi tashlanadi. Yer qa'rida yuz bergan kuchli portlash toshlarni shishaga aylantirib, gaz chiqishini muvaffaqiyatli to'xtatadi va 3 yillik og'riqli muammoga atigi 20 soniyada barham beriladi.

Olimlar yer yuzasida ma'lum vaqt tekshiruv olib borib, radiatsiya hududga xavf solmayotganini aniqlaydilar. O'rtabuloq voqeasi esa sovetlar tomonidan atom bombasi tinchlik maqsadida qo'llanilgan ilk holatga aylanadi.

Bu tajriba keyinchalik Turkmaniston, Rossiyadagi bir necha gaz konlarida yuz bergan avariyalar oqibatini bartaraf etishda qo'llaniladi. Ochiq ma'lumotlarda O'rtabuloq gaz koni bugungi kunda ham ishlayotgani aytiladi.

Quyidagi videoda O'rtabuloq voqeasi muhrlangan tarixiy tasvirlarni ko'rishingiz mumkin.


https://youtu.be/UHXsv8zxgC8
Google o'zbek tilida Shavkat Mirziyoyevni qo'llab-quvvatlovchi kontent tarqatish bilan shug'ullangan 141 ta YouTube kanalni bloklaganini xabar qildi.

Mazkur ma'lumot kompaniyaning Xatarlarni tahlil qiluvchi guruhi muntazam hisobotida keltirilgan.

Xabarda kanallar to'g'risidagi ma'lumotlar, ayniqsa, O'zbekiston prezidentini o'zbek tilida qo'llab-quvvatlash nega xavf-xatar deya baholanganiga oydinlik kiritilmagan. Kuzatamiz.
Ayni vaqtda ekspertlar hamjamiyati orasida o'ziga xos "spor" o'rtaga chiqmoqda - bu Ukraina tomonidan Rossiyaning Belgorod viloyati hududlarini tinimsiz o'qqa tutilishi.

Albatta, bahslar his-hayajon aralashuvisiz kechmayapti. Bir tomon o'tgan bir yarim yildan buyon Rossiya ukrain shaharlari, ayniqsa, harbiy harakatlarga mutlaqo aloqasi yo'q ijtimoiy obyektlarni ayovsiz o'qqa tutib kelayotgan bir paytda, Ukrainaning bunga ma'naviy haqqi bor demoqda.

Ikkinchi tomon esa xalqaro huquqqa ko'ra, bir tomon urush jinoyatini sodir etganda, ikkinchi tomonda ham bunday haq paydo bo'lmasligini ta'kidlamoqda. Shu sababdan ular Ukraina urush jinoyatini sodir etayotganiga urg'u bermoqda.

Har ikki qarashni ilgari surayotganlar argumentlarida albatta jon bor. Ammo nega Ukraina harbiy harakatlar olib borilmayotgan Rossiya hududlaridagi tinch aholi manzillarini bombardimon qilmoqda? Bundan ko'zlangan asosiy maqsad nima?

Har qanday urushda qaysidir ishtirokchi qanchalik noadekvat bo'lmasin, biror harakatni aniq bir natijani ko'zlamay amalga oshirmaydi. Sababi urushlar juda qimmat, har qanday amalga ko'plab resurs, ayniqsa, inson hayoti safarbar etiladi.

Rasmiy Kiyev hozircha Belgorodni o'qqa tutishdan nima maqsad ko'zlayotganini aniq ochiqlamagan. Shuning uchun, ekspertlar ilgari surayotgan taxminlardan eng muhimini ko'rib chiqamiz.

Rossiya urushning ilk kunlaridanoq Ukraina armiyasining asosiy tayanchi bo'lmish sanoat obyektlarini yo'q qilishga urinib kelmoqda, shuningdek, havodan mudofaa tizimini holdan toydirish va aholining Zelenskiy hukumatiga nisbatan noroziligini oshirish maqsadida Kiyev doxil qator shaharlarga muntazam raketa, kamikadze dronlar yog'dirmoqda.

Tahlilchilar, endilikda, oyoqqa tura boshlagan ukrain armiyasi Rossiyaning ayni strategiyasini uning o'ziga qarshi qo'llay boshlaganini aytadi. Ya'ni Ukraina Belgorod kabi chegara hududlarda xaos keltirib chiqarish orqali rossiyaliklarning milliy armiya, Putin rejimiga bo'lgan ishonchini sindirishga bel bog'lagan. Va bu harakatlar natijalari allaqachon bo'y ko'rsatgan ham - internet belgorodliklarning biror chora ko'rmayotgan (balki ko'ra olmayotgan) Rossiya hukumatiga qarshi nafratga to'la qarashlari, xabarlariga to'lib toshmoqda.

Hozircha, bu kayfiyat Rossiyaning markaziy shaharlarigacha yoyilgan domino effektini qanchalik keltirib chiqara oladi, degan savolga javob berishga erta. Shunday bo'lsada, ekspertlar Rossiyadagi ijtimoiy kayfiyat Ukraina foydasiga o'zgarib ketishi ehtimolini yuqori baholamoqda va shunday vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, urushning oxiri tezroq ko'rinishini prognoz qilmoqda.

Eng muhim tezis - bu urush dahshatlarini o'z tanida tatib ko'rgan, armiyasining joriy ahvolini o'z ko'zi bilan ko'rgan rossiyaliklarda harbiy harakatlarni qo'llab-quvvatlash kayfiyati keskin pasayadi.

Ammo yuqorida tilga olingan qarash hamon kun tartibida turibdi - Ukraina ham urush jinoyatlarini sodir etmayaptimi?

Xalqaro huquq normalariga tayangan holda dunyo bo'ylab Putin rejimiga qarshi ommaviy kayfiyatni shakllantirishga urinayotgan Zelenskiy hukumati o'z ta'kidlariga qarshi chiqmayaptimi? Siz qanday fikrdasiz?

Obuna bo'ling: www.tgoop.com/geopolitikauz
Bosh vazir o'laroq Italiyani uch muddat boshqargan Silvio Berluskoni 86 yoshida olamdan o'tgani xabar qilinmoqda.

Media magnat Berluskoni o'zining seks skandallari, korrupsiya ayblovlari, siyosiy jarayonlarga ta'sir o'tkazishi bilan Yevropaning eng ziddiyatli siyosatchilaridan biri sifatida tarixda qoldi.
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Rus mahalliy matbuotining yozishicha, Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtabini qurshab olayotgan bu qurolli shaxslar Vagner jangarilaridir. Hozircha, bu ma'lumot rasman tasdiqlanmagan, ammo ular Rossiya Qurolli Kuchlari safidagi harbiylar emasligi aniq.
Ukrainadagi urushni diqqat bilan kuzatib borayotgan ayrim o'quvchilarimiz Rossiyadagi vaziyatni uxlamay kuzatib chiqqan bo'lsa ham kerak. Tongga yaqin deyarli aniq bo'ldi - Yevgeniy Prigojin haqiqatan isyon boshlagan. Hozircha tugal bo'lmagan bunday xulosaga kelishning bir necha sabablari bor.

*Kecha kechki tomon Prigojinning Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyatini mavh etishi ta'kidlangan audiolari ketma-ket tarqalganda, aksar kuzatuvchilar nimalar bo'layotganini ancha vaqt tushunmadi. Bir necha soatdan so'ng ba'zi nazariyalar paydo bo'la boshladi. Ulardan eng dastaklangani bu Putinning navbatdagi qandaydir hiyla rejasi, degani bo'ldi. Sababi ancha vaqtgacha Rossiya hukumati turli bayonotlar berib, Prigojinni isyonda ayblashiga qaramay, Vagner jangarilarining Ukrainadan Rossiya tomon harakatlanayotganiga oid biror dalil yuzaga chiqmadi;

*Vaziyat taranglashib borgan sari bu ishlarni ortida Putinning o'zi turibdi, degan qarashda jon yo'qligi ko'proq ayon bo'ldi. Biz axborot asrida yashayapmiz va Rossiyaga butun dunyoning ko'zi tikilgan. Shu sababdan davlat hokimiyatida turli rutbalarga ega insayderlarning Kremldagi vaziyat haqidagi xabarlari kuzatuvchilarni uzoq kuttirib o'tirmadi. Bunday insaydlarda Kreml shokda ekani aytiladi. Bundan tashqari tahlilchilar Ukraina qarshi hujumning avjiga chiqishga tayyorlanib turgan, Rossiya armiyasi va aholisida ruhiyat nihoyatda cho'kkan bir payt Putin Prigojin bilan til biriktirgancha, "spektakl-isyon" o'tkazishiga jo'yali sabablarni hayoliga keltira olmadi. Bundan kelib chiqib, bo'layotgan ishlarning ortida Putinning o'zi turgani ehtimoli deyarli nolga tengligini ko'plar tushuna boshladi.

*Tongga kelib, Prigojin mamlakatda "adolat marshi"ni o'tkazishda aldamagani aniq bo'ldi. Rostov viloyatiga Vagner jangarilari ekani ishonilgan qurollangan shaxslar kirib kela boshladi. Toshkent vaqti bilan 8.00 ga yaqin ular viloyat markazini deyarli to'liq egallagani ko'ringan foto-video xabarlar tarqaldi. Shu bilan birga Rossiya muntazam armiyasi va Vagner o'rtasida chegara hududlari bo'ylab to'qnashuvlar yuz bergani to'g'risida ham ma'lumotlar chiqdi, biroq ular hozircha biror dalil bilan tasdiqlanmadi.
Ana endi Prigojin to'satdan nega bunday keskin avantyuraga qo'l urgani ehtimoliy sabablari haqida gaplashsak.

Harbiy va siyosiy tahlilchilar vertikal ierarxiya asosida umr kechirayotgan Putin hokimiyatida qachondir shunday jiddiy yoriq paydo bo'lishini o'tgan yildan beri aytib keladi.

Prigojin va uning Vagneri haqidagi avvalgi postda Putin aynan harbiylarga ishonmagani, o'z qo'l ostidagilarga nisbatan "bo'lib tashla, hukmronlik qil" prinsipini qo'llagani sababli ham Rossiya qonunlariga zid bo'lgan xususiy harbiy kompaniya ochilishiga rozilik bergani haqida gaplashgandik.

Urushning ilk kunlari Kiyev ostonasidagi yirik mag'lubiyat va undan keyingi jarayonlar Putin ko'pchilik oldin o'ylagandek, o'ta hiylakor, uzoqni ko'zlay oladigan strateg emasligini ko'rsatgan edi. Atigi bir necha kun ichida Kiyevdagi hukumatni yo'q qilib, o'rniga sodiq shaxslarni olib kelish niyatida Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya armiyasi ham dunyoda ikkinchi eng qudratli kuch emasligi ma'lum bo'ldi. Ketma-ket mag'lubiyatlardan so'ng maydonga Prigojin chiqib keldi, u armiyani urush qilishni bilmaslikda aybladi, zudlikda Afrika, Suriyada qolgan-qutgan jangarilarini Ukrainaga olib kela boshladi. Armiyaga nisbatan ishonchi so'ngandek go'yo Putin Prigojinga misli ko'rilmagan imkoniyat eshiklarini ochdi: u qamoqxonalarda o'ziga jangchilar yig'di, mutlaq noshaffof yo'llar orqali davlatdan katta miqdorda qurol, mablag' oldi, qisqa aytganda, Prigojin Putinning sha'feligi va shaxsiy himoyasi ostidagi qo'mondoniga aylandi.

Biroq xuddi armiya kabi Vagner ham kutilgan natijalarni keltirmadi. Birgina Baxmut jangida Prigojin kamida 10 ming askarini yo'qotganiga ishoniladi. Bu orada Vagner rahbari Mudofaa vazirligining asosiy ommaviy tanqidchisiga aylandi, ma'lumotlar qattiq sir tutilayotgan Rossiya armiyasidagi ayrim holatlarni ochiq aytib chiqdi, umuman, soyadagi biznesmendan salmoqli siyosiy vaznga ega shaxsiy armiyasi bor shaxsga aylandi.

Mudofaa vazirligi va Prigojin o'rtasidagi ziddiyat ayniqsa so'nggi oylarda kuchayib ketganini ko'pchilik diqqat bilan kuzatib kelayotgan edi. Ayniqsa, oy boshida Rossiya Mudofaa vazirligi ko'ngilli harbiy otryadlarga Ukrainada jang qilishdan oldin vazirlik bilan shartnoma tuzishni shart qilib qo'yganini ko'pchilik aynan Vagnerga qaratilgan hal qiluv qarori o'laroq ko'rgan edi: Putin soat sayin obro'si ham chidab bo'lmas sharoitda jang qilayotgan rus askarlari, ham muntazam armiya biror arzirli g'alabaga erisholmayotganidan jig'ibiyron bo'layotgan millatchi qatlam, ham Putin hukumatini shunchaki yomon ko'radigan aholi qismi oldida geometrik progress tarzida o'sib borayotgan Prigojinda yetarlicha xatar ko'rgani aniq.

Oxirgi voqealarni tahlil qilush uchun ishonchli dalillar yetarli emas, ammo omma xabar topgan voqealar zanjiridan Putin "haddidan oshib borayotgan" Prigojindan qutilish qaroriga kelgan, degan xulosaga kelish mumkin. O'z navbatida, o'ziga nisbatan "o'lim hukmi" o'qilganini anglab yetgan Prigojin burchakka qisilgan bo'ridek birinchi hujumga o'tgan bo'lishi mumkin.
Prigojin Rossiya armiyasiga qarshi chiqa olmasligini yaxshi anglab turgani aniq. Bu xaritada kecha tundan vagnerchilarning harakat marshruti ko'rsatilgan.

Katta ehtimol bilan Prigojin Ukrainada turgan Rossiyaning asosiy armiyasini ta'minot yo'llaridan uzib qo'yib, Kremlni shantaj qilmoqchi. Putin hozir Ukrainada jang qilayotgan harbiy qismlarni Prigojinga qarshi olib kelolmaydi - u holda front ochilib qoladi. Sharqiy tomondan qarshilik qilish uchun Putinda qurolli kuchlarning o'zi qolmagan.

Shu sababdan Ukrainadagi Putin armiyasi Prigojin qo'lidagi asirga aylanib qolishi ehtimoli katta. Hozircha, barcha kelayotgan ma'lumotlar shunga ishora qilmoqda
Prigojin o'tgan oylar davomida menga ko'proq Call of Duty seriyalaridagi Vladimir Makarovni ko'proq eslata boshlagandi. Bu o'yin muxlislariga u yaxshi tanish - Makarov Rossiyani egallab olgan ultramillatchilarning eng ko'zga ko'ringan vakili, qudratga o'ch, shafqatsiz, genotsidlardan ham tap tortmaydigan, o'ngchi qarashlari himoyasida hech narsadan qaytmaydigan personaj.

Ko'z o'ngimizdagi Prigojinda ham aynan shunday sifatlarni ko'rishimiz mumkin. U ultramillatchi qarashlari ko'z o'ngida shiddat bilan qulayotgan bir payt o'z xojasi Putinga qarshi qurol ko'tarishdan ham tap tortmadi.

Hozir Putindan nafratlangan millionlab insonlar yuzda tabassum bilan bo'layotgan voqealarni kuzatmoqda. Biroq Prigojinda Kremlni tiz cho'ktirish imkoniyati haqiqatan bor. Faqat bu imkoniyatlar real foizi aniq emas. Hammasi harbiy rahbarlar qaysi tomonni tanlashda bir qarorga kelishiga bog'liq.

Asosiy xavotir ham shunda - agar Prigojin chindan Kremlni qo'lga ololsa, u holda Rossiya Fashist Germaniyasidan ham misli ko'rilmagan totalitarizmga g'arq bo'lishi mumkin. Hozircha kuzatishda davom etamiz.
Azizlar, xabarlarni diqqat bilan tekshiringlar: tarqalayotgan har bir video-surat, ma'lumotlardan zudlikda xulosa chiqarishga shoshilmanglar.

Bir narsani tushunishingizni xohlayman - bu kanalda tezkor xabarlar tarqatilmaydi.

Maqsadimiz - xabarlarni sinchkovlik bilan o'rganib, tahlil qilib, ulardan mini-xulosalar chiqarib, shu xulosalarga tayangan holda dinamikasi shiddat bilan o'zgarayotgan umumiy manzarani birgalikda muhokama qilish.
Demak, kecha Rossiyada nima yuz berganiga to’xtalsak. Hozircha, bo’lib o’tgan voqealarni aniq tushuntirib beradigan javob hech kimda yo’q, sababi kerakli ma’lumotlar yetarli emas, hammasi doimgidek elita o’rtasidagi yopiq muzokaralar orqali kechdi. Vaqt o’tib, nega Prigojin Moskva tomon qo’shin surgani sabablarini yanada kengroq bilib olamiz. Hozircha, esa qo’lda mavjud axborot bilan ayrim taxminlarni ilgari sursak.

Avvalo, bir narsani aytishni istar edim – mavjud ma’lumotlar, voqealar rivoji zanjiri bu ko’pchilik o’ylagan va ishongandek Putinning o’zi uyushtirgan tomosha emasligiga ishora qilmoqda. Bunday taxminga kelishning bir qancha sabablari bor:

• Ukraina qarshi hujumning kulminatsion nuqtasiga tayyorlanib turgan, oldingi siljiy olmayotgan Rossiya armiyasida jangovar ruh bilan bog’liq parokandalik keng yoyilgan, aholining kayfiyatidagi urush ritorikasi keskin pasaygan, urushdan naf olish imkoniyatlari cheklangan elitada zimdan norozilik oshib borayotgan bir paytda Putinda jiddiy ichki beqarorlikni yuzaga keltirishdan iborat bunday sahna tomoshasi qo’yish uchun biror sabab ko’rinmadi.
• Bundan tashqari Prigojin o’z asosiy armiyasini Rossiya hududiga olib kirishini e’lon qilgandan boshlab to “isyon” yakunlangancha Kremlning ommaga ko’rinib turgan reaksiyasidan ham bu spektakl emas, degan xulosaga kelish mumkin. Vagner Rostovga kirayotgani haqida xabar qilinar ekan, Prigojinga yaqin ikki rus generali videomurojaat bilan chiqib, undan yurishni to’xtatishni tom ma’noda iltimos qilib chiqdi. Bundan tashqari Putinning millatga murojaatida ham uning bo’layotgan voqealardan u qadar xabardor emasligi ko’rinib turdi.
• Hammasi Putin tomonidan uyushtirilgan, degan qarashni ilgari surganlarning aksari Rossiya prezidenti qarshi hujumni kuchaytirish arafasida turgan Ukraina va uning G’arbdagi ittifoqdoshlarini chalg’itish, vaziyatdan foydalanishga intilgan Kiyev qurolli kuchlarini qopqonga tushirish maqsadida soxta isyon tashkil etdi, deya takrorladilar. Biroq yuqorida aytilgandek, Rossiya qiyin bir sharoitda turganda, Ukraina va uning ittifoqchilarini mavh etishdek strategik maqsadga sun’iy isyon uyushtirish kabi taktik qadam bilan erishishdan biror ma’no yo’q edi. Bundan tashqari Prigojin Moskva tomon yaqinlashar ekan, Rossiya armiyasi front bo’ylab harbiy harakatlarni bir zum ham to’xtatmadi, ukrain shaharlarini o’qqa tutish sezilarli kuchaydi. Go’yo bunday harakatlar bilan Rossiya ichki boshboshdoqlikka qaramay, frontni unutmaganini ko’rsatib qo’yishga uringandek tasavvur paydo bo’ldi.
• Belarus prezidenti vositachiligidagi kelishuvlardan so’ng Prigojin o’z armiyasini ortga qaytarishini e’lon qilar ekan, Kreml atigi bir necha soat avval unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bekor qilingani, isyonchi vagnerchilar hech qanday jazoga tortilmasligini rasman e’lon qildi. Vaholanki, 24-iyun tongida Putin vagnerchilarni shaxsan xiyonatda ayblab chiqqan, Rossiya armiyasiga qarshi qurol ko’targan har kimsa qattiq jazoga tortilishidan ogohlantirgan edi. Siyosiy raqiblari bilan mutlaqo murosa qilmaslikda tanilgan Rossiya prezidenti fikrining atigi bir kun ichida bunday keskin o’zgarishi ham u yuz bergan voqeadan avval boshdan bexabar bo’lganiga, vaziyat nazorati uning ixtiyorida emasligini anglab yetgach, kelishishga majbur bo’lganini ko’rsatadi.

Ta’kidlangandek, hozircha bular faqat taxminlar. Endi Prigojin nega Kremlga qarshi qurol ko’targani sabablarini ko’rib chiqsak – ayni vaqtda voqealar rivojini diqqat bilan kuzatish Prigojinning yagona maqsadi zimdan davom etayotgan elita ziddiyatidan omon chiqish bo’lgan, degan xulosaga olib kelmoqda.
Avvalgi postlarda Kreml siyosiy ambitsiyalari geometrik progress bo’ylab shiddatda o’sayotgan, ultramillatchi kayfiyatdagi harbiylar hamda aholi orasida cheksiz obro’ga ega bo’lib borayotgan Prigojinda xatar ko’rib, uni o’yindan chetlashtirish harakatiga tushgani biroz eslab o’tilgan edi. Katta ehtimol bilan, uning Kremldagi ashaddiy raqiblari Shoygu, Gerasimov, boshqa elita vakillari Putinni Prigojin va yollanma jangarilardan tashkil topgan Vagner xizmatidan voz kechishga ko’ndirganini taxmin qilish mumkin (Balki Vagner yetakchisini jismonan yo’q qilish kelishuvi ham bo’lgandir?).

Prigojin Moskvaga yurishdan asosiy maqsad Mudofaa vazirligini amaldagi rahbarlardan tozalash ekanini ta’kidlagan bo’lsada, isyon so’nggidagi o’zgarishlar u faqatgina muqarrar likvidatsiyadan (bu jismoniy likvidatsiya bo’lishi shart emas) o’zi va Vagnerni asrab qolishga jiddiy tavakkal qilganiga ishora qildi. Katta ehtimol bilan Prigojin mamlakat ichidagi qurolli isyonga zudlikda javob qaytarishga uquvi va imkoniyatlari yetmagan Kremldan o’zi istagan xavfsizlik kafolatlarini olgach, ommaga e’lon qilingan rejasidan voz kechdi.

Albatta, Belarus prezidenti Lukashenko vositachiligida erishilgani aytilgan Kreml va Prigojin kelishuvi uzoq muddatli emasligi aniq. Balki bu murosa bir necha kun ichida buzilib ketishi ham mumkin. Har ikki tomon yuzaga kelgan keskin vaziyatdan jon saqlash yo’lida kelishdi. Ammo bir narsani aniq aytish mumkinki, bu voqea tashqaridan qattiqqo’l, bir butun organizmdek ko’ringan Putin rejimi, aslida, parokanda tizim ekanini ko’rsatib berdi. Prezident xiyonatda ayblashiga qaramay, ichki tartibni saqlashga javobgar Rossgvardiya, politsiya bo’linmalari vagnerchilar Moskvaga yaqinlashsa ham, arzirli qarshilik qilmadi yoki qilishni istamadi.
Vagner Kreml uchun boshog’riqqa aylangan ayni kunlarda Rossiyaning ultramillatchi kayfiyatdagi voenkorlari (urush muxbirlari) va ayrim nashrlari O’zbekistonga go’yo Britaniyaning noma’lum xususiy harbiy kompayasi (ChVK) yetib kelgani hamda uning vakillari rasmiy Toshkent bilan muzokaralar o'tkazayotgani haqida manbasi yo’q xabarlar tarqatmoqda.

Bunday xabarlarda ta’kidlanishicha, mazkur ChVK jangarilari allaqachon Termizga borib o’rnashgan va, asosan, yirik o’zbek hamda xorijiy biznesga favqulodda vaziyatlar yuz bergan payt O’zbekistondan zudlikda evakuatsiya qilish xizmatini taklif qilmoqda.

Ukraina urushi vaqti jamoatchilikka jiddiy psixologik ta’sir o’tkazish hadisini olgan bunday voenkorlar bu holat G’arb istagandek Moskva bilan aloqalarni uzmayotgan O’zbekistonda tez orada qandaydir ko’ngilsizliklar sodir bo’lishidan darak berishi mumkinligini ta’kidlagan.

Ularning da’vo qilishicha, mamlakatda xususiy harbiy bo’linmalar tuzish qonun bilan taqiqlanganiga qaramay, vaziyat keskinlashishini oldindan sezayotgan rasmiy Toshkent britan ChVKsi bilan muzokaralar o’tkazishga rozi bo’lgan, hatto, O’zbekistonda xorijiy qurolli qo’riqlash bo’linmalari faoliyatiga ruxsat beruvchi qonun loyihasi ustida ish boshlangan ham bo’lishi mumkin.

Albatta, axborot urushi avjiga chiqqan bir zamonda bunday na manbasi, na dalili bor xabarlarni ham ko’zdan qochirmaslik darkor.

Umid qilamiz, O’zbekiston rasmiylari oy o’rtasidan beri tez-tez ko’zga tashlanayotgan bunday xabarlarga o’z vaqtida izoh beradi va yuzaga kelishi mumkin bo’lgan vahimani aritadi.
2024/11/16 01:01:01
Back to Top
HTML Embed Code: