tgoop.com/Hubbuna/8518
Last Update:
Poklik masalasi
Muhtarama singlim, poklik masalasiga juda e’tiborli bo'ling. Xususan, to'rt narsani pok saqlashga jiddu jahd qiling:
Avvalo qalb pokligi. Qalbingizni turli illatlardan xalos qiling. Boshqalarga bo'lgan adovat, gina-kudurat, hasad va boshqa qalb kasalliklari shular jumlasidandir. Xususan, juftingizga nisbatan ham bu kabi illatlarni qalbingizda saqlamang. Masalan, uning xato va kamchiliklari uchun gina-kudurat saqlab munosabatlaringizni sovuqlashtirmang, kechirib yuboring. Kek saqlash, kechirmaslik bo'lgan oilada halovat bo'lmaydi.
Jism pokligi navbatdagi e’tibor qaratiladigan jihatdir. Boshqalar nazari tushsa ham, tushmasa ham butun badaningizni pok saqlashga intiling. Xususan, undan turmush o'rtog'ingizning nazari man qilingan joy yo'q. Shuning uchun bu borada o'ta hushyorlik lozim. Nopok tuklar va turli noxush hidlardan xoli bo'lib yurish asosiy shartlardandir. Eringiz yonida har qancha bo'yanib-bezansangiz, xushbo'y atirlar sepsangiz, bu faqat yaxshilikka xizmat qiladi, lekin ko'cha-ko'yda boshqalarning e’tiborini tortadigan darajada bu ishlarni qilish mumkin emas. «Ayol kishining eng yaxshi atiri suvdir» deyiladi, ko'cha uchun ko'proq shundan foydalaning. Albatta, turmush o'rtog'ingiz oldida ham doimiy poklanib yurishni odat qiling.
Poklikning keyingi bosqichi kiyim pokligidir. Har qanday holatda pok-toza kiyimlar kiyib yuring. Bayramlarga eng yaxshi kiyimlaringizni kiyganingizdek turmush o'rtog'ingiz uchun ham eng yaxshi kiyimlaringizni kiying. Ko'cha-ko'yda libos odoblariga rioya qilgan holda kiyining. Turmush o'rtog'ingiz yonida esa – faqat ikkingiz bo'lganda – hech qanday chegara yo'q. Uning ko'zini quvnatadigan har qancha ochiq-sochiq kiyim kiyishingiz malomat qilinmaydi.
Joy pokligi keyingi bosqichdir. Uyning pokligiga ayol kishi mas’ul bo'ladi va erkak kishi ham bu borada yordam bersa, nur ustiga nurdir. Erkaklar uy ishlarida ayoliga yordam berishi uning obro'sini pasaytirib, maqomiga nomunosib ish bo'lib qolmaydi.
Turmush o'rtog'ingizning ko'zi tushadigan har qanday joyning pok, go'zal holatda bo'lishiga harakat qiling. Uy ichidagi jihozlar va boshqa ashyolar tartibli bo'lishi ham muhimdir. Idish-tovoqlarning yuviqsiz holda yotishi uni ranjitishi mumkin.
Poklik borasida hech bir ishni arzimas sanamagan ma'qul. Masalan, farzandingizning tirnog'ini qisqartirib qo'yish, turmush o'rtog'ingizning oyoq kiyimini tozalab qo'yish kabi kichik ko'ringan ishlarga ham e'tiborli bo'lsangiz, oradagi mehr-muhabbatning yanada ziyoda bo'lishiga xizmat qiladi.
«Six ham, kabob ham kuymasin» deganlaridek, poklik borasidagi yana bir eslatma shuki, uylarni toza-ozoda qilaman, yog' to'kilsa, yalagudek yaltiratib qo'yaman deya joningizni Jabborga berib ish qilishingiz ham yaramaydi. Uylar toza bo'lishi kerak, lekin bu darajada qilaman deya sog'lig'ingizga zarar etkazib qo'yishingiz yoki qattiq charchab, erning xizmatiga yaramay qolishingiz ham durust emas. Er ishdan kelganda chinnidek qilib qo'yilgan uy eshigi oldida qovog'i solingan, yelkalari osilgan, «puf» desa, yiqilib ketgudek bir ayol kutib olishi uni xursand qilmaydi. O'rtacha yo'l shuki, eng muhim joylarni oldin tozalab, qolganini boshqa kunga qoldiring. Bir kunda hamma ishni qilib charchab qolgandan ko'ra uch kunda dam olib-dam olib qiling.
Shuningdek, uyda mukammal tozalash ishlarini olib borayotganingizda uy xizmatchilarining xizmatidan foydalanishingiz ham mumkin.
Kitobni xarid qilish
Yanada ko'proq iqtiboslar
BY Hubbuna
Share with your friend now:
tgoop.com/Hubbuna/8518