tgoop.com/Kompyuter_akademiyasi/573
Last Update:
VPN nima o‘zi?
#info / #atama / #internet
ℹ️ O‘tkir syujetli xorijiy filmlarda ko‘p guvoh bo‘lganingiz bir sahnani ko‘z oldingizga keltiring: jinoyatchi sport mashinasida katta trassa bo‘ylab qochyapti, uni politsiya vertolyoti ta’qib etib kelmoqda. Avtomobil tunnelga kirib ketadi, undan chiqish joyi esa bir nechta. Vertolyotdagilar jinoyatchining aynan qaysi chiqish joyidan chiqib ketishini bila olishmaydi, natijada u ta’qibdan qochib qoladi.
VPN ham xuddi shu kabi, internetdagi bir necha yo‘llarni o‘zaro tutashtiruvchi tunneldir. Unga kirib ketgan avtomobillarning qayerda paydo bo‘lib qolishini tashqaridan hech kim bilolmaydi. Tunelda nimalar bo‘layotganidan tashqaridagilar bexabar qolishadi.
Ko‘pincha VPN’ni tavsiya etishlariga sabab shuki, unda geografik belgisiga ko‘ra cheklangan kontentga kirish, umuman, internetdan foydalanishda xavfsizlikni oshirish mumkin.
Lekin internetga VPN orqali kirish ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishchalik xavfli bo‘lishi mumkin.
❓VPN qanday ishlaydi?
Uyingizda Wi-Fi-router bo‘lsa kerak, a? Unga ulangan qurilmalar hatto internetsiz ham o‘zaro ma’lumot almasha oladilar. Demak, uyingizda o‘zingizning xususiy tarmog‘ingiz bor ekan, ammo unga ulanish uchun router signali yetadigan yerda bo‘lishingiz talab etiladi.
VPN (Virtual Private Network) – bu virtual xususiy tarmoq. U internet ustida ishlaydi, shuning uchun unga istalgan joydan ulanish mumkin.
Masalan, siz ishlaydigan kompaniya masofadan turib ishlaydigan xodimlari uchun virtual xususiy tarmoqdan foydalanishi mumkin. VPN yordamida ular ishchi tarmoqqa ulanadilar. Bunda ularning kompyuter, smartfon yoki planshetlari virtual tarzda ofisga ko‘chiriladi va tarmoqqa ichkaridan ulanadi. Virtual xususiy tarmoqqa ulanish uchun VPN-server manzilini, login va parolni bilish kerak bo‘ladi.
VPN’dan foydalanish o‘ta oson. Odatda kompaniya qayerdadir lokal kompyuterda, serverda yoki data-markazda VPN-server yaratadi; unga ulanishlar esa foydalanuvchi qurilmasidagi VPN-kliyent dasturi orqali amalga oshiriladi.
Hozirda barcha ommabop operatsion tizimlar – Android, iOS, Windows, macOS, Linux va boshqalarda VPN-kliyent dasturi avvaldan mavjud.
Kliyent va server orasidagi VPN-ulanish esa, odatga ko‘ra, shifrlangan bo‘ladi.
❓VPN nega kerak?
VPN geografik va boshqa to‘siqlarni aylanib o‘tish imkonini beradi.
Deylik, siz Spotify xizmati orqali musiqa tinglamoqchisiz, ammo bu servisga O‘zbekistondan turib kirib bo‘lmasligini bilib, achinyapsiz. Undan foydalanishning yaxshi yo‘li – internetga Spotify ishlaydigan biror mamlakatdagi VPN-server orqali kirishdir.
VPN – bu foydali va kerakli texnologiya, u o‘ziga yarasha vazifalarni yaxshi bajaradi. Ammo bunda shaxsiy ma’lumotlaringizning xavfsizligi VPN xizmatini taqdim etuvchining vijdoniga bog‘liq.
Albatta, sizning e’tiborliligingizga, internet xavfsizligi masalalarini yaxshi tushunishingizga ham.
© Terabayt.uz
💻 Kompyuterni birga o'rganamiz ⤵️
Telegram / YouTube
BY KOMPYUTER AKADEMIYASI
Share with your friend now:
tgoop.com/Kompyuter_akademiyasi/573