tgoop.com/SozKimyosi/3740
Last Update:
CHO‘LPON
TURKISTONLI QARDOSHLARIMIZGA
Ilmu maʼrifat ham hunardin qoldi mahrum bizni xalq,
Maʼrifatsizlik balosiga yoʻliqqon bizni xalq.
Bir kishi millatparast o‘lsa, deyurlar «dahriy» deb,
Bir kishi millatni so‘ksa, izzat aylar bizni xalq.
Maktab o‘rniga ochildi har mahallada mayxona,
Nafrat etmak nari tursun, shodu xandon bizni xalq.
Maktaba yoʻq bir tiyini, to‘yga ming so‘mlab berur,
Chorasi mushkul kasalga mubtalodir bizni xalq.
Ibrat olmaydir boshiga shuncha kulfat kelsa ham,
Misli bir kaltak yoʻqotgan ko‘rga o‘xshar bizni xalq.
Ko‘r-da farq aylar to‘g‘ri ila noto‘g‘rini,
To‘g‘ri yoʻlga boshlasang-da, egri xohlar bizni xalq.
Har shaharda ixtilofdin, «jiqqamush»din so‘z bo‘lur,
Ittifoqdin so‘z ochilsa, misli quyon bizni xalq.
Orzu qilmas o‘g‘limi maktabda aylay tarbiya,
To‘y qilub, karnay cholurni orzu aylar bizni xalq.
Boshqa millatlar solurlar har mahalda madrasa,
Onlarning aksiga solgʻon choyxonalar bizni xalq.
Boshqalar bonka ochub, savdo qilub pul topsa-da,
Topganini shunda berur, och-yalang‘och bizni xalq.
Kes so‘zingni, ey qalam, bas, shuncha faryoding yetar,
Koʻb baqirsang, og‘izga toshlarni otgay bizni xalq.