tgoop.com/booktional/6813
Last Update:
Raqs
Har gal bir boʻshliq istayman,
hech kimsiz, hech narsasiz bir boʻshliq.
Keyin, u boʻshliqni toʻldirmoq istayman...
Ekranlarni toʻldirib, baxt va baxtsizlik, ishqsizlik oqibatlari haqida gapiraman...
Qaytayotib, taksiga oʻtirib kulaman,
Oʻzimning ustimdan, albatta...
Ishga boraman,
Majlislarda oʻtiradi suvratim.
Choʻkib borayotganim haqida
eslagisi kelmas suvratimning ham...
Toʻyga boraman,
Kimning toʻyi edi?
Ketayotib eslashga urinaman.
Boraman, kimning toʻyi ekanining nima farqi bor aslida...
Oʻzim baxtga ishonmasamda,
baxt tilayman,
hammaga joʻr boʻlib.
Qoʻllarimni baland koʻtarib oʻynayman,
Uchgim, uchib ketgim kelayotganini yashiraman oʻzimcha.
Oʻzimcha,
allaqachonlar sevganlarim yodidan oʻchganimni,
Endi avvalgidek sevilmasligimni,
Hech qachon hech kimga suyana olmaganimni,
Va oʻz taqdirimni yashamayotganimni,
Aslida taqdirim yoʻq ekanini,
Yolgʻizlik hammasidan yaxshiligini,
Hamma-hammasini yashirmoqchi boʻlaman.
Baxtli ayollar raqsga tusholmaydilar, ishoning!
Meni toʻyingizga ayting,
Raqsga tushib beraman.
©️ Guljamol Asqarova
Qalbdalik