tgoop.com/icrichuzb/1021
Last Update:
Davlat rahbari kuni kecha kreativ industriya haqida gapirdi. Eʼtiborni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur, deya taʼkidladi. Bu xitobga biz bugun “labbay!” deya yangi kreativ loyihamizga start beramiz.
Nomoddiy madaniy meros targʻibotiga qaratilgan ushbu loyihani Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti “Qadriyatfilm” bilan hamkorlikda amalga oshirdi.
Mitti vatanlarni katta yurakka jo qilib Yurt va Millat qalbini aks ettirgan bu samimiy ijod mahsulidan boshqacha taʼsirlandim. Qarang, ota-buvalardan kelayotgan qadriyatlarni eʼzozlash bilan ham vatanparvar boʻlish mumkin ekan... Ajdodlaring asragan qadriyatlarga sadoqating ham asli millatparvarliging ekan...
Bu tasvirlarni koʻrayotib OʻzBekligingni yangidan idroklaysan: har parchada Vatan parchasi, Millat fitrati-yu tiynati mujassam.
Fursatdan foydalanib, yurt ishqini 50ta audiovizual lavhaga jamlagan kreatorlar jamoasi – Iroda Dadajonova, Maʼruf Hasanov, Azizjon Haydarovga ushbu xayrli loyiha uchun minnatdorlik bildiraman.
Biz bu videoroliklar tarqab ketib, tarqoq koʻngillarni birlashtirishini istadik. Zero yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir!