tgoop.com/itspecuz/915
Last Update:
#smartfon #bilasizmi
Smartfoningiz ta’qibidan qutulishni bilasizmi? 🤔
Zamonaviy smartfonlar o‘z egalarining qaerlarda bo‘lishini bilishadi va bu haqdagi ma’lumotlarni saqlab qo‘yishadi. Ha, hatto shu qo‘lingizdagi telefoningiz ham sizni ta’qib etadi. Biz esa quyida mana shu ta’qibdan qutulish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz.
Kim ruxsat bergan ularga?!
Balki siz o‘ylab ham ko‘rmagandirsiz, ammo, agarda smartfoningizda GPS-modul mavjud bo‘lib, siz undagi geolokatsiya sozlamalarini o‘zgartirmagan bo‘lsangiz, u holda gadjetingiz siz borgan joylarni eslab qoladi va bu ma’lumotlarni maxsus jurnalda qayd etib boradi. Qo‘lingizdagi «do‘st»ingiz iPhone bo‘ladimi yo istalgan modeldagi Android-smartfonmi – farqi yo‘q, u sizni mudom kuzatib yuradi.
Bunga esa o‘zingiz ruxsat bergansiz. Ha, ishonavering – foydalanuvchi bitimiga rozilik bergansiz-ku, to‘g‘rimi? O‘shanda uni o‘qib ham ko‘rmaganingizni eslaysizmi?
Apple va Google buni shunday izohlashadi: bunda to‘plangan ma’lumot o‘zlarining servislari bilan ishlashda samarali natijalar bo‘lishini ta’minlash uchun zarur. Masalan, iOS’da joylashuv haqidagi ma’lumotlardan ob-havo ma’lumotlarini berishda, xaritalardagi yo‘nalishlarni aniqlashda va fotosuratlardagi geoteglarni qo‘llashda foydalaniladi. Android’da esa joylashuvlar tarixi Google’ga eng maqbul yo‘nalishlarni taklif etish hamda qidiruvda yanada aniqroq natijalarni berish uchun yordam beradi.
Joylashuvlar tarixini qanday ko‘ramiz?
O‘zingiz borgan joylar tarixini mobil qurilmangiz qanday qayd etib borgan – ko‘rishni istaysizmi?
Buning uchun, agarda iOS tizimli gadjetdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, uning sozlamalaridagi mana bu manzilga kirishingiz kerak: «Настройки» → «Конфиденциальность» → «Службы геолокации» → «Системные службы» → «Часто посещаемые места». Shu yerdagi joylashuvlar tarixida, ya’ni «История» bo‘limida siz o‘zingiz tez-tez borib turadigan joylarni ko‘rishingiz mumkin. Undagi har bir yozuvni ochish va o‘sha o‘zingiz borgan joy koordinatlarini xaritada ko‘rish imkoni ham mavjud.
Android tizimli devayslarda ham bunday statistika yuritiladi. Uni quyidagi manzilda ko‘rasiz: «Местоположение» → «История местоположений».
Bulardan tashqari, siz istalgan bir qurilmada Google servislaridan foydalanayotgan bo‘lsangiz, sizning oxirgi borgan joylaringiz Google Maps’ning veb-versiyasida aks etadi. Unda anchayin batafsil ma’lumot to‘plangan bo‘ladi: joylar xaritada nuqtalar tarzida ko‘rsatilgan bo‘ladi, yana sanalar bo‘yicha saralash imkoni ham bor. Agarda tegishli funksiya yoqiq bo‘lsa, qaysi kuni qaerga borganingizni kuzatishingiz ham mumkin.
Bu ma’lumotlarni yo‘qotish va ta’qibni to‘xtatish mumkin
Mazkur kompaniyalar sizning ushbu shaxsiy ma’lumotlaringizdan anonim asosda foydalanishlarini ta’kidlashadi. Lekin, agarda sizga bu yoqmasa, bunga chek qo‘yishingiz mumkin. Buni amalga oshirish ham aytarli qiyin emas, faqat ta’qibni cheklash usuli devaysingizdagi operatsion tizimga bog‘liq.
iOS tizimli devayslarda tizim xizmatlarining «Часто посещаемые места», ya’ni «Tez-tez borib turiladigan joylar» bo‘limida xuddi shu nomdagi tumblerni o‘chirib qo‘yishingiz lozim. O‘sha yerning o‘zida yana, joylashuvlar tarixini tozalash uchun «Очистить историю» tugmachasi ham bor. Shuni bossangiz, sizning qaerlarga borganligingiz haqidagi smartfoningiz to‘plagan barcha ma’lumotlar o‘chirib yuboriladi.
Android tizimli qurilmalarda esa mazkur tumbler geolokatsiya sozlamalarining «История местоположений» bo‘limida joylashgan. Borgan joylaringiz haqidagi ma’lumotlarni o‘chirish uchun esa, «Удалить историю местоположений» tugmachasini bosishingiz va bu qaroringizni tasdiqlashingiz zarur.
Shu harakatlarni amalga oshirganingizdan so‘ng smartfoningiz sizning qayerlarga borganingizni ta’qib etmay qo‘yadi va borgan joylaringizni saqlab qo‘ymaydi.
👨🏻💻@itspecuz
BY IT specialist
Share with your friend now:
tgoop.com/itspecuz/915