tgoop.com/jalilovqaydlar/2743
Last Update:
"Pinokkio burni" oʻsishda davom etadi?
Rasmiy munosabat: Respublika taʼlim markazi oldinroq eʼlon qilingan postga rasmiy munosabat bildiribdi.
"Bugungi kunda umumta’lim maktablarida Xalq ta’limi vazirining 2021-yil 17-dekabrdagi 406-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan davlat ta’lim standartlari asosida ta’lim berilmoqda", deyiladi rasmiy xabarda. Va masʼuliyatni boʻynimga olib aytishim mumkinki, Respublika taʼlim markazi tarqatayotgan bu maʼlumot haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidovning 2021-yil 17-dekabrdagi 406-son buyrugʻi 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat taʼlim standartlari - aslida Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-son qarori bilan tasdiqlangan va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan Davlat taʼlim standartlarining aynan oʻzi. Amalda bu standart ishlamayapti:
- boshlangʻich sinflar (1-4): "Novda" xususiy nashriyotining 2023-yil chop etilgan darsliklari asosida oʻqimoqda, bu darsliklar mazkur standart asosida emas;
- 5-sinf: ayrim fanlar (masalan, ona tili, adabiyot, oʻzbek tili) "Novda"ning 2024-yil yaratilgan darsliklari asosida oʻqimoqda - bu darsliklar mazkur standart asosida emas;
- 5-6 sinflar matematika va tabiiy fanlar: Singapur darsliklari asosida oʻqimoqda, bu darsliklar mazkur standart asosida emas;
- 6-sinf (matematika va tabiiy fanlardan tashqari): 2022-yilda Milliy oʻquv dasturi asosida yaratilgan darsliklar asosida oʻqishmoqda, bu darsliklar Respublika taʼlim markazi oʻz postida tilga olgan standart asosida emas;
- 7- va 10-sinflar: 2022-yilda Milliy oʻquv dasturi asosida yaratilgan darsliklar asosida oʻqishmoqda, bu darsliklar Respublika taʼlim markazi oʻz postida tilga olgan standart asosida emas;
- 8, 9, 11-sinflar: 2017-yilgi standartlar asosida yaratilgan darsliklar asosida oʻqishmoqda.
Yaʼni, Respublika taʼlim markazi oʻz postida tilga olgan standart faqat 8, 9 va 11-sinflarda ishlamoqda. Qolgan sinflarda bu standart ishlamayapti. Yaʼni, 11 yillik taʼlimning turli sinflari kamida 5 xil, turli davrlarda yaratilgan va bir-biriga nomutanosib darsliklar ("Novda"-2023, "Novda"-2024, Singapur, Milliy oʻquv dasturi, 2017-yil standarti) asosida tahsil olishmoqda.
Shunday ekan, bitta yolgʻonni boshqa yolgʻon bilan xaspoʻshlashga urinish befoyda - Pinokkioning uzun burni singari yashirish qiyin boʻlib qoladi.
P.S. Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidovning 2021-yil 17-dekabrdagi 406-son buyrugʻi 5-bandida Milliy oʻquv dasturi bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilinishi bilan mazkur buyruq bilan tasdiqlangan davlat taʼlim standartining tegishli sinflarga qoʻyilgan talablari oʻz kuchini yoʻqotishi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi 134-son qarori 3-bandi bilan 2024-yil 1-sentyabrgacha Milliy oʻquv dasturi amaliyotga toʻliq joriy qilinishi belgilangan edi va Milliy oʻquv dasturi 2017-yil standarti oʻrnini bosishi kerak edi. Biroq, undan keyin "fin standartlariga oʻtish" haqidagi gaplar va boshlangʻich sinflarga psevdo-fin darsliklarining joriy qilinishi, undan keyin Singapuromaniya va darsliklarning "bir qoʻlli" qilinishi bilan hammasi ostin-ustin boʻlib ketdi va hozirgi "kasha" vaziyat yuzaga keldi. Buni rasmiy bayonotni chiqargan Respublika taʼlim markazi ham, uning tepasidagi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ham bilmasligi mumkin emas.
BY Jalilov. Qaydlar
Share with your friend now:
tgoop.com/jalilovqaydlar/2743