tgoop.com/javlonjovliyev/5696
Last Update:
BOR, O‘QIB KEL, BOLAM...
Uni qadamingga tashlama boylab,
Qo‘yvor nabirangni, otajonim, Sharq...
Abdulla Oripov.
(Me’mor o‘g‘lim Asliddinga...)
Davr zo‘r, manglaying bir qarich-da,
Tuguning qilgin-u sarishta,
Istanbul, Berlin yo Parijda
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Ne kerak chaynalish, o‘ylanish,
Hozirdan qoziqqa boylanish,
E, qochib ketmaydi uylanish,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Kontrakt?
Bir yo‘li topilar,
Sal ko‘proq terlanar, chopilar,
Yoriq bosh do‘ppi-la yopilar,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Amallab turamiz, hovlida-
Mol-hol bor, tomorqa... mayli-da,
Jo‘na-chi, otangning davrida
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Dema hech: "ortimda tog‘im yo‘q",
Shaxdim bor, dalam yo‘q, bog‘im yo‘q,
Oyga chiqqanning ham shoxi yo‘q,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Ilmi zo‘r milyonni yiqsin-da,
O‘zbekdan yana zo‘r chiqsin-da,
Bizga ham salgina yuqsin-da,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
U yoqda bo‘lma hech muztar sen,
Najotni ilmdan axtar sen,
Bizdan obketganin qaytar sen,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Dunyo ko‘r,
Dunyo - to‘y, osh emas,
Fikrsiz kalla bu - bosh emas,
Fikri bor hech kimga bosh egmas,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Bobolar o‘gitin yod qilib,
Jadidlar ruhini shod qilib,
Johil-u gumrohni mot qilib,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Ko‘zing och,
Uyg‘oq bo‘l,
Sergak bo‘l,
Kim bo‘lsang -
Hammaga kerak bo‘l,
Otangga, Vatanga tirgak bo‘l,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Kun kelar - o‘chirib-chizarsan,
Huv paxsa uylarni buzarsan,
Dunyoga go‘zal tarh tuzarsan,
Bor, o‘qib kel, bolam,
O‘qib kel!
Dunyoni uqib kel,
Uqib kel!
©️ Nuriddin Egamov
@javlonjovliyev
BY Javlon Jovliyev
Share with your friend now:
tgoop.com/javlonjovliyev/5696