tgoop.com/mutolaa_sehri/1168
Last Update:
21 oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni!
____
ONA TILIM O‘LMAYDI
Notiq dedi:
“Taqdir shul,
Bu jahoniy iroda.
Tillar yo‘qolur butkul,
Bir til qolur dunyoda”.
“Ey voiz, pastga tushgin,
Bu gap chiqdi qayerdan!”
Navoiy bilan Pushkin
Turib keldi qabrdan.
Kim darg‘azab,
Kim hayron,
Chiqib keldilar qator:
Dante, Shiller va Bayron,
Firdavsiy, Balzak, Tagor.
“Va’zingni qo‘y, birodar,
Sen aytganing bo‘lmaydi”.
Barcha dedi barobar:
“Ona tilim o‘lmaydi”.
– Hey, bu qanday aqida! –
Qo‘lida tabarruk jom,
Go‘zal forsiy haqida
Ruboiy aytdi Xayyom.
Ehtirosli, otashdil
Beranje so‘rdi nolon:
– Nahotki, farangi til
Yo‘qolgusi bir zamon!
Neruda, Lorka turdi
Servantesning yoniga:
– Kim qasd etib tig‘ urdi
Ona tilim joniga!
Fuzuliy yondi:
– Ozar
Tili guldek so‘lmaydi.
Barcha dedi barobar:
“Ona tilim o‘lmaydi”.
Kamalakdek rango-rang
Bo‘lsin deb san’at, tillar,
Asrlarcha qildik jang,
Armon qildik ming yillar.
Beqadr bo‘lsa, nahot,
Tillardagi tarovat!
Yo‘qoldi bu kun, hayhot,
Qabrlarda halovat!
“Faust” yondi gurillab,
“Xamsa” o‘tga tutashdi.
Bir sado jahon bo‘ylab
Taraldi, tog‘lar oshdi.
Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo‘lmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim o‘lmaydi!
© Erkin VOHIDOV
〰〰〰〰〰〰〰〰〰〰〰〰〰
ONA TILIMGA
Ming yillarkim, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman...
© Abdulla ORIPOV
__
📖 @mutolaa_sehri
BY Mutolaa sehri
Share with your friend now:
tgoop.com/mutolaa_sehri/1168