tgoop.com/suhrob_ziyo1/2705
Last Update:
SHOIR
Men Alisher bo‘lib kelgan zamonda,
Husayniy bor edi harnav jahonda.
Oltmish yil hikmatin ayladim insho,
O‘zgardimi-yo‘qmi, bilmadim, dunyo.
Ayroliqlarga ham sobir edim men,
Ketdim men, agarchi Bobur edim men.
Keldim bu olamga bo‘lib shoh Mashrab,
Dunyo o‘zgarmadi, boz ketdim tashlab.
Furqat bo‘lib keldim, furqatda ketdim,
Cho‘lpon bo‘lib keldim, hasratda ketdim.
Erkim qayda edi, erkim, bilmadim,
Erkin bo‘lib keldim, erkin bo‘lmadim.
Hasratli qo‘shiqlar ham yallalar — men,
Kelib ketgan qancha Abdullalar — men.
Men tag‘in borman shu dunyoyingizda,
Lekin she’r tilovchi dil bormi sizda?!
Savolim yurakka qadalgan o‘qmi:
Yo hanuz Boyqaro tug‘ilgan yo‘qmi?!
Bu ochiq daftarni butkul yopay deb,
Mansur bo‘lib keldim nusrat topay deb.
Tag‘in o‘zgarmasa dunyo, netgayman?
Endi o‘zgartirmay tashlab ketmayman!
Mansur Jumayev
Ketmayman, deb so‘z berib ketib qoldi...
BY Suhrob Ziyo
Share with your friend now:
tgoop.com/suhrob_ziyo1/2705