tgoop.com/Mirkonomika/2107
Last Update:
Nima uchun davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshayapti?
2024 yilda davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlar 8,9 trln (2023 yildagi o‘rtacha kurs bilan 760 mln dollar) so‘mdan 14,5 trln so‘mga (1,15 mlrd dollar) yetgan.
Umuman olganda, foiz to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar so‘nggi yillarda doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Xususan, qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlar 2022 yilda 4,2 trln so‘m, 2021 yilda 2,5 trln so‘mni tashkil etgan. Xo‘sh, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari nega bunday keskin o‘smoqda?
Pandemiyadan keyingi davrda butun dunyoda foiz stavkalarining o‘sishi kuzatildi. Xususan, AQShda foiz stavkalari (SOFR 6 oylik, yillik o‘rtacha ), 2021 yilda 0,04 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 5,35 foizgacha yetgan (2023 yilda 4,6 foiz). Bu holat bir tomondan yangi qarz jalb qilishda foiz stavkasini oshirsa, ikkinchidan mavjud qarz tarkibida o‘zgaruvchan foiz stavkali qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining avtomatik o‘sishiga olib keladi.
Hozirgi kunda, davlat qarzining qariyb 40 foizi o‘zgaruvchan foiz stavkada jalb qilingan qarzlarga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, butun dunyoda foiz stavkalari o‘sishi, o‘zgaruvchan foiz stavkada jalb qilingan qarzlar uchun xizmat ko‘rsatish xarajatlari o‘sishiga olib keladi. Masalan 2024 yil holatiga foiz stavkalarining 1 foizga o‘sishi davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 150 mln dollarga oshiradi.
Shuningdek, yuqorida ta’kidlanganidek, foiz stavkalarining o‘sishi yangi qarz jalb qilishni oldingiga nisbatan qimmatroq qilib qo‘yadi va arzon qarzlar o‘rnini nisbatan yuqori stavkada jalb qilingan qarzlar egallay boshlaydi.
Masalan, 2019 yilda 4,75 foizdan jalb qilingan yevrobondlar 2024 yil yanvar oyida yopildi. 2024 yil may oyida esa uchta valyutada 1,5 mlrd dollar obligatsiyalar joylashtirildi. Bunda, dollardagi 7 yillik obligatsiyalarning daromadliligi 6,9 foizni tashkil etdi ( shuningdek, o‘sha vaqtda jalb qilingan 10 yillik obligatsiyalarning daromadliligi 5,37 foizni tashkil etib, 2024 yildagi 7 yillik obligatsiyalar stavkasidan pastroq shakllangan). Ya’ni davlat qarz portfelida nisbatan yuqori stavkali qarzlar ulushining o‘sishi o‘z navbatida qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining o‘sishiga olib keladi.
Bunda tashqari qarz summasining o‘sishi ham qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining o‘sishiga xizmat qiladi. Masalan, davlat qarzi hajmi 2023 yil so‘nggida 34,9 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil so‘ngida 40,1 mlrd dollarga yetgan. Bunda, foiz stavkalari o‘zgarmagan taqdirda ham davlat qarzining o‘sishi davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 15 foizga oshirgan bo‘lardi.
Joriy yilda yirik iqtisodiyotlarda inflyatsiyaning sekinlashishi fonida foiz stavkalarining ham pasayib borishi prognoz qilinayotgan edi. Lekin AQShdagi siyosiy o‘zgarish va Prezident tomonidan narxlarga bosim beruvchi qarorlar ortidan foiz stavkalari bo‘yicha kutilmalarda noaniqliklar keskin ortdi. Yirik davlatlarda foiz stavkasining pasaytirilishi esa o‘z navbatida mamlakatimiz tomonidan jalb qilinadigan qarzlarning foiz stavkasi pasayishiga hamda mavjud qarz tarkibidagi o‘zgaruvchan foiz stavkada jalb qilingan qarzlarga xizmat ko‘rsatishning pasayishiga olib kelishi mumkin edi. Lekin hozirgi global noaniqliklarda nisbatan yuqori foiz stavkalari uzoqroq saqlanib qoladiganga o‘xshaydi.
@Mirkonomika
BY Mirkonomika

Share with your friend now:
tgoop.com/Mirkonomika/2107