tgoop.com/bobil_kutubxonasi/6525
Last Update:
Kecha tarjimaga o'tirgan paytim bir narsani his qildim. Yog'ochga o'xshardim. Qup-quruq. Va, bu quruqlikning ishimga ham ta'sir qilayotganini sezdim. So'zlar ustida ishlanmagan, avvalgi uslubimni qo'llagan paytim qunt yetishmagani uchun bachkana shakllar qo'llanilgan... O'girgan besh bet tarjimamni o'chirdim.
Bir haftadan beri o'ylab yurardim buni. Nashriyotga yozib, ular va o'quvchilardan uzr so'rash, tarjimani butkul to'xtatish, o'zimni ilmiy ishimga berib, bitirgach, qayerdadir kichik va ahamiyatsiz bir universitetda umrimni ahamiyatsiz ma'ruzachi sifatida o'tqazishni o'ylayotgandim.
Bu o'ylar quyunidan chiqish uchun yutubga kirdim. Qarshimga bir filmdan parcha chiqdi.
Sochi kalta kesilgan, oltmishinchi yillar kovboy modasiga hos kiyingan bir qiz g'alati holatda avtomatik eshik qarshisida turar va qo'rquvdan titrardi. Unga yordam bermoqchi bo'lib yaqinlashgan ayol nima bo'lganini so'raganda esa "Menda autizm bor, bunday eshiklardan qo'rqaman", dedi. Ayol esa eshikni ochib turdi, qiz o'tdi...
Bu sahna menga boshqacha ta'sir qildi va filmni ko'rmoqchi bo'ldim.
Film amerikalik olim, hayvonlar, xususan qoramol bo'yicha mutaxassis Temple Grandin haqida ekan.
Professor Grandin autizm sindromi bilan tug'iladi. Bu sindrom unda turli muammolar tug'dirish bilan birga (mutaxassis bo'lmaganim uchun bu muammolarning aynan qaysi toifaga oidligini bilmayman) ko'pgina mustasno qobiliyatlar ham beradi. Bulardan biri kuchli tasviriy idrok va kuzatuv.
Temple universitetda inson psixologiyasi bo'yicha ta'lim olgach, Arizona State Universityda hayvonchilik va xo'jalik ishlari bo'yicha magistr, yana shu sohada Illinois Urbana-Champaign Universityda doktorantura yoqlaydi.
To'liq erkaklar, kamiga ta'limdan uzoq erkaklar qo'lida bo'lgan hayvonchilik sohasida autistik, kamiga ayol kishi bo'lgan Temple ancha qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Ammo, taslim bo'lmaydi.
Oxirgi bor bundan besh yil avval Big Fish va Cinema Paradiso filmlaridan so'ng o'zimni hozirgichalik tirik his qilgandim.
Big Fish menga hikoyalar va xotirotning ahamiyatini, Paradiso esa voz kechishning erkinlashtiruvchi kuchini isbotlagandi. Temple Grandinning ta'sirini esa izohlolmayman. Yuqoridagi filmlarni endi bitirganimda ham izohlolmasdim. Yillar o'tib, nimalargadir nom qo'ya boshlaganimda angladim ularni.
Hozir nimanidir his qilyapmanu unga nom qo'yolmayotgan bo'lsam, demak yetarlicha ulg'aymabman, dedim. Va, bu menga avval boshda nima uchun tarjimaga qo'l urganimni eslatdi: Men qaytadan yozish va shu orqali bir kitobni anglashni istardim.
Shu istakni unutibman.
Temple turklar aytmoqchi "ichimga suv sepdi", taxtadek quruq ruhim bilan unutilgan maqsadni qayta topgandek bo'ldim.
Unutma, dedim. Yo'ldasan, yo'lda eding. Manzilni unutish senga yo'ldan chiqish haqqini bermaydi. Yo'ldagi xavfli burilishlar, nishab va boshi berk tarmoqlar yo'lning emasi sening muammoying. Manziling emas, bekatlaring bor. Va, har bir kitob bir bekat. Buzuq avtobus o'zidagi nuqsonni qanchalik chiroyli til va uzrxohlik bilan tushuntirmasin, baribir boradigan joyi metall chiqindixonasi. Sen esa hali chiqitga chiqmaysan. Chiqolmaysan. Bu avtobus hali yurishi kerak...
Templega shu, hali ulg'aymaganim, homligim va hamon orzu qilishga haqqim borligini eslatgani uchun rahmat aytaman.
Filmni topib ko'ringlar.
Mirzohid
@bobil_kutubxonasi
BY Bobil Kutubxonasi
Share with your friend now:
tgoop.com/bobil_kutubxonasi/6525