tgoop.com/bobil_kutubxonasi/6552
Last Update:
Yaqin kunlarda bo'limning sakson yilligi nishonlanadi. Shuning uchun qutlov seminarlariga kechikmaylik, deb fakultetda eng avval biz sessiya imtihonlarini o'tkaza boshladik. Dam olish kunlari ham imtihon. Essaylarni o'qish, baholash, bir tarafdan ilmiy seminarga tayyorlanish, buyoqda o'zimning ilmiy ishim... Tarjimalar bor. Ishqilib, juda stresli va qizg'in davrdan o'tyapman, o'tyapmiz. Faqat, shuncha tashvish yetmagandek bir haftadir dekanatga qatnayman.
Birinchi imtihonimiz edi. Men kuzatuvchi, yonimda fan domlasi bor. Qaradim, orqada ikkita yigit, imtihon boshlaganiga qaramay hingirlab o'tiribdi. Hey sizlar, sen uyoqqa, sen buyoqqa o'tir, deb ayirdim. Ayirdimu endi oxirgi qog'ozni berib, doskaga o'girilgandimki, orqadan "amk çekiği" degan ovoz keldi. Ya'ni, "la'nati qisiqko'z". Aslida, bundan ham og'irroq so'kish. Men hali nima detilganini to'liq tushunib ulgurmay domla so'kingan bolani darrov turg'izdi. Talabalar birdan boyagi bolani dahanaki talay boshlashdi. Irqchilik qilding, degan ma'noda. Men haligacha qotib turibman. Bola butun boshli izdihom ichida. Domla borib, bolaning qo'ltig'idan mahkam tutdiyu imtihon bekor qilinadi, deb meni ham yoniga olgancha dekanatga yo'l oldi.
Bola tinmay uzr so'rar, men hali indamay turib domla uning ovozini o'chirishga majbur qilardi. Rost, talaba holida ilmiy hodimni haqorat qilgandi, kamiga juda katta irqchilik ham bor. Amerikan adabiyotidek liberal, irqiy kamsitishlar eng ko'p o'rganiladigan bo'limda bu hodisa, hozir o'ylasam, ham juda ironik, ham skandal ekan. Lekin, men esankirab qolgandim. Domla nega aralashadi, o'zimni o'zim himoya qilolaman, deb alamim ham keladi.
Dekanatga kirdik. Dekan barini tingladi. Men indamadim. Orqamizdan butun kurs yoprilib keldi guvihlik qilamiz, deb. Dekan kotibasi ularni zo'rg'a tinchitib, jo'natdi. Dekan esa tinmay "da'voyingiz bormi" deb so'raydi. Da'vo qilsam, nima bo'lishini bilaman. Indamayman. Shundog'am jazosi og'ir bo'ladi.
Da'vo qilmadim. Ammo, boyagi domla "imtihonimda ilmiy hodimga irqchilik va haqorat qildi, imtihonni bo'ldi, shuncha talabaning tayyorgarligi bekor ketdi, kafedraning eng qizg'in ish kunlaridan birini suiste'mol qildi", deb bir talay ayblovlarni taxlab tashladi. Haq edi.
O'sha kuni kechgacha dekanatda qolib ketdik. Men lom-mim demadim. Kechasi o'nda bolaning dadasi keldi qishloqdan. Gumbazdek odam, qo'llari qadoq, o'zi tayyorlagan qo'lbola kolbasa, xotini pishirgan uzumbarg do'lmani oldimga qo'yib yalinadi. Da'vo qilmadim o'g'lingizni, dedim. Ko'nmaydi. O'zim adabini beraman, Xudoyo shularni oling, deb topganini to'kadi. Rad qilaman, hatto ovutgan bo'laman uni.
Baribir tashlab ketdi.
Kolbasa bilan do'lmani farroshlar xonasidagi navbatchi opaga tashlab keldim. Ertaga pora deb boshim baloga qolmasin, o'sha yerdagi xolalar yesin...
Kecha majlis chaqirildi va o'sha bolaning ishi ko'rildi. Bir haftadir rektoratdan hukm kutayotgandik. Chiqibdi.
Talaba bu semestrning imtihonlariga kirmaydi. Ikkinchi semestrda universitet binosiga kirishi taqiqlanadi. Ya'ni, o'qishi kamida bir yilga uzayadi. Bu esa u hech qachon magistraturaga kirolmaydi degani. Men da'vo qilmaganim uchun jinoiy ish qo'zg'almadi. Lekin, universitet tomonidan intizomiy uzoqlashtirilgan degan yozuv tarjimai holiga tushgani bois davlatdan ish topishi ham juda qiyin. Turkiyada bunga qattiq qarashadi. Hatto o'tmishda o'tkirroq aqliy dori ichgan bo'lsangiz ham davlatda ishlolmaysiz.
Qisqasi, afsusdaman. U bolaning bitta uzri yetardi. Men yonidan shunday o'tib ketardim. Talabalarni faqat imtihonlar bilan qo'rqitishgagina kuchi yetadigan beburd domlalardan doim nafratlanganman. Uni ham imtihonga kiritaverardim. Natijada, ismini ko'rmayman varaqada.
Til yomon narsa. Turklar aytganidek, bitta jinni quduqqa tosh otadi, qirqta aqli avval chiqarolmay halak...
Mirzohid
@bobil_kutubxonasi
BY Bobil Kutubxonasi
Share with your friend now:
tgoop.com/bobil_kutubxonasi/6552