tgoop.com/ch_k_t/15913
Last Update:
Umid
Kuz ertasi. Namgarchilik,
Xazon biqsib, tutun taralar.
Oyoq osti — „chilip-chilip“,
Zirqiraydi eski yaralar…
Bor umringni o‘ylaysan qayta,
Nimadir yurakni ezadi.
Imoni sustroqlar mana shunday paytda
Yashashdan bezadi.
Ammo sen boq hayot dengiziga:
U o‘jarlik bilan qilar ishini.
Razm solsang, har dam o‘ziga
Ming-ming iplar bilan bog‘laydi seni.
Fasllar almashar, dolg‘alanar havo,
Qarg‘alar tovushi — qishning daragi.
Trotuarda
bukchaygan bir bobo
Yosh ko‘chat ko‘tarib o‘tib boradi.
Niholni avaylab mahkam ushlagan
Tomiri bo‘rtib chiqqan titroq qo‘llari
Xayolida balki olamni xushlagan
Bahor,
bodroq-bodroq o‘rik gullari.
Ko‘m-ko‘k shovullashi balki qulog‘ida,
Ko‘ksi bilan sezar soya-salqinin.
Sovutgisi kelar ko‘ngil bulog‘ida
Saratonning lov-lov yolqinin.
Boboning umrida ko‘p bo‘lgandir baxt,
Lekin baxt o‘tkinchi,
Umid — abadiy.
Keksa qo‘llardagi mana shu daraxt —
Ertaga kimningdir tolei kabi.
Boboning ko‘zida umid yaltirar,
Ko‘chatni ko‘tarib shoshib boradi.
Mahalla ustida hamon qaltirar
Bebosh bolalarning qog‘oz varragi...
© Asqad Muxtor
- @ch_k_t
BY "Cho'kib ketgan tiriklar"
Share with your friend now:
tgoop.com/ch_k_t/15913