tgoop.com/grantlar_namuna/1568
Last Update:
FLEX boʻyicha savollarga javoblar.
Quyida FLEX 2025-2026 dasturi boʻyicha eng koʻp berilayotgan va eng muhim savollarga javoblar berilgan.
1. 2008-yil 15-iyuldan keyin tugʻilganman, lekin 11-sinfman yoki kollej/litseyning 2-kurs talabasiman. FLEX dasturiga qatnasha olamanmi?
– Yoʻq. Faqat 2008-yil 15-iyul va 2010-yil 15-iyul oraligʻida tugʻilgan maktabning 9-10-sinf va kollej/litseyning 1-kurs oʻquvchilari qatnasha oladi.
2. FLEX dasturi davomida AQSH universitetiga hujjat topshirib, qabul qilinsam, FLEX tugagach AQSHda qolsam boʻladimi?
– Yoʻq, boʻlmaydi. FLEX ishtirokchilari dastur tugagach vataniga qaytishi SHART. Qaytgach AQSH universitetiga topshirib, qaytadan viza uchun hujjat topshirishingiz va universitet qabul qilsa hamda viza chiqsa, keyin AQSHga qaytsangiz boʻladi.
3. Qatnashish uchun til sertifikatim (IELTS, TOEFL va h.k.) boʻlishi shartmi?
– Yoʻq, shart emas. Til sertifikatisiz ham bemalol qatnashish mumkin.
4. Ingliz tilini bilish darajam qanday boʻlishi kerak?
– FLEX ingliz tili dasturi emas. Shu uchun ingliz tili darajasi uchun aniq talab qoʻyilmagan. Agar nomzodda FLEX dasturi uchun barcha xislatlar boʻlsa, lekin til darajasi u qadar yuqori boʻlmasa, til boʻyicha qoʻshimcha tayyorgarlik kursi qoʻyib beriladi.
Lekin hozirga qadar FLEXga qabul qilingan oʻzbek oʻquvchilarning aksariyatida til darajasi kamida B2 darajada boʻlgan. Lekin til darajangiz qancha yuqori boʻlsa, oʻzingiz uchun shuncha yaxshi.
5. Nogironligim bor, men ham qatnashsam boʻladimi?
– Albatta, boʻladi. FLEX dasturi nogironligi bor oʻquvchilarni ham dasturga ariza topshirishga ragʻbatlantiradi. Hozirga qadar FLEX dasturiga dunyo boʻylab 300 dan ortiq nogironligi bor (koʻzi ojiz, qulogʻi ogʻir/eshitmaydigan, jismoniy kamchiliklarga ega) oʻquvchilar qabul qilingan.
6. Gʻolib boʻlsam, qaysi shtat, shahar yoki maktabda oʻqishni oʻzim tanlaymanmi?
– Yoʻq, siz tanlamaysiz. Oʻquvchilar boradigan shtat va maktablarni dastur maʼmuriyati belgilab beradi.
7. FLEX gʻoliblarning qanday xarajatlarini qoplaydi?
– Barcha xarajatlar (AQSHga borish-kelish, yashash, turar joy, oziq-ovqat va h.k.) qoplanadi.
8. Imtihonda qanday savollar tushadi?
– Asosan ingliz tilidan savollar tushadi va ayrim testlarda orada 3-4 ta matematikadan savol tushishi mumkin.
9. Imtihonga qanday tayyorlansam boʻladi?
– Shunchaki, ingliz tilingizni (reading, listening, writing, speaking) orqali tayyorlaning.
10. Suhbatda ingliz tilida gapirish shartmi?
– Yoʻq, shart emas. Oʻzbek yoki rus tilida gapirsangiz ham boʻladi. Lekin ingliz tilida gapira olsangiz, ingliz tilida gapirish tavsiya etiladi.
Suhbatda oʻzbek yoki rus tilida gapirib, FLEX dasturini yutganlar anchagina.
11. Bu yilgi qabulda gʻolib boʻlsam, AQSHga qachon ketaman?
– 2025-yil kuzda ketasiz va keyingi yili qaytasiz.
12. Oʻzbekistondan nechta oʻquvchi qabul qilinadi?
– 2020, 2021, 2022 va 2023-yildagi qabulda 40-55 nafar oʻzbek oʻquvchi qabul qilingan. Shundan kelib chiqib, bu yili ham oʻrtacha 40-50 nafar oʻquvchi qabul qilinishini taxmin qilish mumkin.
13. FLEX dasturiga qayerda roʻyxatdan oʻtaman va ariza topshiraman?
– Arizalar MANA BU YERDA topshiriladi. Ariza topshirishni boshlashdan oldin akkaunt yaratishingiz kerak (Create an account). Arizalar 2024-yil 26-sentabrgacha qabul qilinadi.
14. AQSHda o'qib kelgan yilim O'zbekistindagi maktabda hisobga olinadimi?
– Agar siz o'qiydigan (O'zbekistonda) maktab, litsey yoki kollej Xalq ta'limi vazirligiga qarasa, ha, hisobga olinadi. Masalan, 9-sinfni bitirib, AQSHga FLEX orqali ketdingiz, 10-sinfni AQSHda tugatdingiz. O'zbekistonga qaytgach, o'qishni 11-sinfdan davom ettirasiz.
Xususiy ta'lim muassasasida o'qisangiz, buni o'sha o'qish joyingizdan so'rab ko'ring.
15. Muhim:
– Akkaunt ochishda o'zingiz doim ishlatadigan, paroli yodingizda bo'lgan emaildan foydalaning. Emailingiz bo'lmasa, oching va login hamda parolini qayergadir yozib, saqlab qo'ying. Saralash davomida shu emailingizga xabarlar yuborib turiladi.
Email ochish bo'yicha tavsiyalarni BU YERDAN topasiz.
👉 FLEX dasturi haqida batafsil
Barcha nomzodlarga omad tilaymiz! 💪
@grantlar_namuna
BY Hujjat topshirish jarayonlari
Share with your friend now:
tgoop.com/grantlar_namuna/1568