tgoop.com/ilm_duri/2078
Last Update:
Siz bir yaxshi ishni xolis Alloh uchun qilasiz, uni odamlar ham ko'radi. Ixlosga yarasha savob olaverasiz, biroq amalingiz uchun odamlardan maqtov-olqishlar bo'lishi qaysidir darajada uning bu dunyoda savobi hisoblanadi va oxiratdagi ajr kamayishi xavfini paydo qiladi. Shuning uchun Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu Mus'ab ibn Umayr roziyallohu anhuni eslab: «Ular bu dunyoda farovonlik ko'rmay o'tib ketishdi va amallarining ajrini to'liq olishdi. Biz esa dunyo ne'matlariga, odamlarning ehtiromiga sazovor bo'ldik. Oxiratdagi ajrimiz qo'ldan ketib qolmayaptimkin deb qo'rqaman», deb yig'lar edi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh duolari to'xtovsiz ijobat bo'layotganini sezib: «Alloh taolo amallarimning hamma savobini dunyoda berib qo'ymayaptimikin deb qo'rqaman», deya duo qilishdan ham tortinib qolgan ekanlar.
Xatarlisi shundaki, xolis qilgan amalingiz oshkor bo'lib, olqishlar olgach ixlosga putur
yetishi, o'zingizga baho berib qo'yishingiz, ujbga ketish xavfi bor. Shu bois, bunda amalni garchi yolg'iz Alloh uchun qilgan taqdiringizda ham uning ajridan ayrilishingiz yoki savobi kamayishi ehtimoli ko'p. Shartli ravishda, buni ixlos bilan qilingan amalning eng quyi darajasi, deb aytish mumkin.
Ixlos-la qilingan amalning ikkinchi bir martabasi - amalingizni hech kim bilmasligidir.
Bunda siz amalni faqat Alloh uchun qilasiz, yashirasiz va uni hech kim bilmaydi. Bu holatda siz modomiki ujbga ketmasangiz, amalning ajrini to'liq olishni umid qilsangiz bo'ladi. Bunda tashqi omillardan sizga xatar yo'q. Ixlosning bu darajasi oldingisidan tashqi xafsizligi bilan ustun turadi. Ixlos bilan qilingan amalning eng oliy darajasi va eng savobi ko'pi shuki, siz yaxshiamal qilasiz, ammo odamlar uni yomon deb bilib sizni ayblashadi.
Siz Alloh taoloning roziligini istab, Uning aytgani bo'lgani uchungina bir amalni qilasiz, ammo odamlar shu ish tufayli sizni malomat qilishadi, maqtash uyoqda tursin, aybsitishadi. Bu holat shariatga zid ishlarda ham, joiz amallarda ham bo'lishi mumkin. Bunday imtihon payg'ambarlardan va ularga ergashgan valiy zotlardan merosdir.
Payg'ambarlar hech qachon yomon ish qilmagan, yomonlikka buyurmagan, biroq qilgan yaxshiliklari uchun qavmlaridan ularga doim aziyat yetib turgan. Ranjitayotganlar faqat kofiru fosiq kishilar emasdi, ba'zan iymon keltirganlar ham ularga ozor berib qo'yishardi.
Muso alahissalom hayo va taqvo qilib odamlardan yashirinib cho'milgani uchun u kishini bemorlikda ayblashdi. Banu Isroilni Fir'avn zulmidan qutqarganlari uchun ham qancha dashnom eshitdilar. U kishini chin payg'ambar deb bilganlarning ozori kofirlarnikidan qolishmas edi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam Hunaynda o'ljalarni taqsimlar ekanlar,tashqaridan qaraganda xuddi adolat qilmagandek ko'rindilar. Madinadan qancha yo'l bosib kelib, Payg'ambar alahissalomning yonlarida xizmatda bo'lib, urushda ham asosiy jonbozlik ko'rsatgan ansorlar qolib makkalik yangi musulmon bo'lgan ayrim shaxslarga o'ljaning asosiy qismini taqsimlab berdilar. Zulxuvayrisa Nabiy sollallohu alayhi va sallamni adolatsizlikda ayblashga turdi. Ayrim yosh askarlar ham xafa bo'lib, biroz o'rinsiz gaplar aytib qolishdi.
Tushunmagandan Nabiy sollallohu alayhi va sallamning aynan adolatni oyoqqa turg'azish yo'lida qilgan ishlarini adolatsizlik deb o'ylashdi va odamlarning emas, yolg'iz Allohning roziligini deb qilgan taqsimlarida u zotni ayblashdi...