tgoop.com/kumush_abdusalomova/922
Last Update:
Marsiya
Mansur Jumayevga
Toshkentdan Qarshi qadar yomg‘ir yog‘ib borodur,
O‘n bir dilpora do‘sting esdan og‘ib borodur,
Kuygan ko‘kay kuydirgi ko‘zni sog‘ib borodur,
Yo‘l ham bizga qo‘shilib, zorlanib borar, do‘stim.
Qatordan kamni sanab, kuzak hayron boqodur,
Yulduzini uchirgan osmon vayron boqodur,
Sen kutgan fasl* kelib, vale giryon boqodur,
Qilmishidan qismating orlanib borar, do‘stim.
Oldinda bir ulov bor, ichida ikki murg‘ak,
So‘lg‘in bitta gul bordir - sen sevgan o‘shal yurak,
Kim bosh bo‘lar ularga, kim bo‘lar endi tirgak?..
Orzular xazon yanglig‘ xorlanib borar, do‘stim.
Buncha uzun bu yo‘llar, buncha bag‘ri yag‘irdir,
O‘n bir yo‘ldosh boradur, bari yag‘ir bag‘irdir,
She'rlar qoldi shoirsiz, nahot she'r ham sag‘irdir?..
Lek shoiri Tangriga yorlanib borar, do‘stim.
Derazadan termulsam, otilib chiqib oting,
Xayolimda siniqqan surating turar qotib,
Tark etdi deb ingrasam, battar o‘rtabon yoding
Borgan sari dunyoda borlanib borar, do‘stim.
*''Biz kutgan fasl'' kitobi
BY Kumush Abdusalomova
Share with your friend now:
tgoop.com/kumush_abdusalomova/922