tgoop.com/qurbonova_a/8237
Last Update:
#qiymat
Odam hayotidagi narsa, shaxs, umuman borining asl qiymatini anglash uchun o'zini vafot etyapman deb o'ylab ko'rishi kerak, nazarimda.
Qanday qilib bu mavzu esimga kelib qolgan edi, hozir eslolmayman-u, 2021-yili 11-sinflarga "Agar vafotimga uch oy qolgan bo'lsa" mavzusida esse yozdirgan edim.
Ba'zilar hazilaralash "Byudjet qancha?" deb so'rab olgan, "himm..hozir qanday bo'lsa, shunday" , deb javob berganimdan keyin "eee, unda qiziqarli matn chiqmaskan" deb kulgan ham edi.
Xullas, bir-biridan ajoyib matnlarni o'qigan edim. Maktabni tamomlash arafasidagi o'g'il-qizlarning (har biri o'ziga xos dunyoqarashga ega bir - biridan aqlli va qobiliyatli o'quvchilarning!) fikrlarini o'qish uchun bir necha soat sarf qilgan edim.
Ularning ayrimlari xorijga safar qilishini, boshqalari yaqinlaridan uzr so'rashini, yana kimdir La - Mansh bo'g'ozida suzish orzusini amalga oshirishini yozgan, xullas, o'limning asl mohiyatini to'la his qilib ko'rmagan bolalarning beg'uborlik to'la mulohazlari, tuyg'ulari aks etgan varaqlarning birini qo'yib, boshqasini olib, har biridan keyin o'ylanib ham o'tirgan edim..
Ammo oxirida bir esseni o'qishni boshlaboq tomog'imga achchiq bir nima tiqilib qolgan edi.
U oiladagi katta o'g'il sifatida ukasi ikkalasini yolg'iz katta qilayotgan onasiga qanday g'amxo'rlik qilishi rejasini yozib chiqqan edi go'yo.
So'zma-so'z esimda yoq, biroq matnda taxminan shunday fikrlar bor edi:
"Men, avvalo, maktabdan ketaman. Modomiki kelajagim yo'q ekan, ta'limning ham keragi yo'q. Onam mendan keyin qiynalmasligi uchun unga ko'proq pul qoldirish uchun ham kunduzi, ham kechasi ishlayman. Matematika o'rgata olaman, tunda qorovullik ham qilishim mumkin. Ukam onamning yagona suyanchig'i bo'lib qolsa, demak, unga onamga g'amxo'rlik qilishni tayinlayman. Keyin, onam mensiz yashashga ko'nikishni boshlashi uchun ko'ziga kamroq ko'rinaman, toki meni sog'inib qiynalmasin..."
Matn meni lol qoldirgan edi. Uch oy uchun tuzilgan reja ichida na hayotga to'ymagan bolaning armoni bor edi, na kelajak orzulari ushalmay qolishi bilan bog'liq o'kinch. Unda onasi oldida qarzini uzolmayotgan farzandning tashvishi bor edi.
Yig'ladim.
Bunaqa mavzu bermay qolay deb o'zimni yandim. O'quvchimning onasiga o'glini erkak qilib tarbiyalay olgani uchun havasim ham keldi.
Va oxirgi partada deyarli gapirmay o'tiradigan kamsuqum bolaning ulkan va toza qalbi borligidan hayratga tushdim. Unga hurmatim ortdi.
Men uchun unutilmas yozma ish bo'lgan edi.
Bu mavzuni qaytib hech kimga bermadim.
Uni yozish uchun bitta bola bir marta qiynalsa, hammasini o'qish uchun o'zim bir necha marta qiynalishimni o'yladim.
Alloh har birining umrini uzoq qilsin, ilmi ziyoda bo'lsin, ota-onasiga tirgak bo'lsin. Hech kimga farzand dog'ini ko'rsatmasin..
@suvaydo
BY Mikrofon ko‘targan ayol
Share with your friend now:
tgoop.com/qurbonova_a/8237