tgoop.com/salimov_blogi/1352
Last Update:
Viktor Gyugoning "Kulayotgan odam" asari adibning eng mashhur romanlaridan biridir. Bu asar teran falsafaga yoʻgʻrilgani bilan ajralib turadi. Roman insonning ichki va tashqi go‘zalligi, jamiyatdagi tengsizlik, axloqiy qadriyatlar va insoniyatning ikkiyuzlamachiligini aks ettiradi. Asar voqealari 17-asr Angliyasida sodir bo‘ladi va jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasidagi keskin farqlarni ochib beradi.
Asar markazida Guinplen ismli qahramon turadi. U yoshligida odam savdogarlari tomonidan o‘g‘irlanib, yuzida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan, natijada uning yuzini tabassum hech qachon tark etmaydigan boʻlib qolgan. Guinplen o‘zining fojiali tashqi ko‘rinishi tufayli ko‘pchilikda qiziqish va nafrat uyg‘otadi.
Qisqa xulosa qilganda mazkur asarda:
– Insoniyatning ikkiyuzlamachiligi: Jamiyatning tashqi ko‘rinishga haddan ziyod ahamiyat berishi tanqid qilinadi;
– Ichki go‘zallikning ustuvorligi: Guinplenning tashqi qiyofasiga qaramay, uning samimiy va pok qalbli ekanligi namoyish etiladi;
– Adolat va tenglik: Asar ijtimoiy tengsizlikka qarshi chiqadi va inson qadr-qimmatini ulug‘laydi.
"Kulayotgan odam" nafaqat bir insonning fojiali taqdiri haqidagi hikoya, shuning bilan birga insoniyatga koʻzgu tutadigan falsafiy asardir. Gyugo bu asar orqali jamiyatni o‘z xatolarini tan olishga va yaxshilik tomon intilishga chaqiradi.
Xullas, mana shunday ajoyib asar mohir tarjimon tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilibdi. Ming afsuski, quyidagi kulguli muqovada nashr qilinish arafasida. Yuqoridagi mulohazalarning oʻziyoq asarning qanchalar jiddiy mavzuda ekanini koʻrsatib turibdi. Nashriyot ham mana shunday jiddiy yondashmogʻi kerak. Muqova dizayni sunʼiy intellekt orqali qilingan. Ammo sun'iy intellektni yaxshi ishlatish uchun avvalo insonda tabiiy intellekt yaxshi ishlashi kerak. Ta'riflashda ijodkorona ruh kerak. Shunda sun'iy intellekt sizga tuzukroq muqova tayyorlab beradi.
Qolaversa, 600-700 betlik kitobni ikkiga boʻlib chiqarishga ham hojat yoʻq. Bosmaxonalarning texnik imkoniyati bunga bemalol yetadi. Muqova esa albatta oʻzgartirilishi kerak. Multfilmmas-ku axir bu, doʻstlar...
@salimov_blogi
BY The Stranger
Share with your friend now:
tgoop.com/salimov_blogi/1352