tgoop.com/tilmochqiz/829
Last Update:
Istanbulga ikki hafta oldin kelganimda qattiq stressga duch kelgan edim. Ruhiyatim shu darajada zoʻriqqan ediki, hatto oʻzim orzu qilib kelgan joyning eshigidan ham kirmasdan ortga qaytishga tayyor edim.
Lekin shoshilmadim, zero shoshilish shaytondan. Ishlarimning eng avvalida Allohdan faqat xayrlisini soʻraganimdek, davomida ham faqat xayrlisini soʻrayverdim. Nafsim ovoziga emas, balki Alloh roziligini istagan qalbim ovoziga quloq tutdim.
Faqat va faqat Alloh taolodan yordam tilab, sabr qilishda davom etdim. Avvalroq turgan joyim masjidga yaqinligi meni juda xursand qilgandi. Buni Alloh taolo menga Oʻzining yaqinligini bildirish belgisi oʻlaroq nasib qildi, deb yaxshi gumonda boʻlgandim. Hozirda vaqtinchalik yashab turgan joyim esa shundoqqina masjidning roʻparasida ekan. Derazamdan qarasam eshiklarini koʻraman. Albatta buni Uning cheksiz lutf-u karamidan boʻlgan bir xayrli rizqim deb hisobladim.
Rustamjon domla: “Alloh taolo sizning gumoningizdadir. Doim U haqida eng goʻzal gumonda boʻling. Alloh meni sevadi, deb yashang”, deb aytadilar doim. Xuddi shunday qilish orqali hayotimga yorugʻlik kirdi. Mashaqqat ichra sabrim ortdi, natijada yengillikka chiqishim ham tezlashdi.
Hozir ham Allohning cheksiz saxovati ichida suzib yuribman-u, lekin baribir shaytondan quloqlanib olgan nafsim norozi boʻlishga sabablar topib turadi. Men bunaqa onlarda har doimgidek faqat va faqat Oʻziga murojaat qilaman. Zero U murojaatlarni javobsiz qoldirmaydigan Zotdir.
@tilmochqiz
BY Tilmoch qiz
Share with your friend now:
tgoop.com/tilmochqiz/829