tgoop.com/ufq_horizon/13
Last Update:
Ibn Xaldun va Makiavelli
Ibn Xaldun bilan Makiavvelining o'xshashliklari ko'p. Ikkovi ham bir muddat jamiyatdan yakkalab qo'yilgan davlat xizmatchilari bo'lishgan. Balki aynan shu oldingisining "Muqaddima"ni, keyingisini "Hukmdor"ni yozishiga turtki bo'lgandir. Ikkala mutafakkir ham o'zlari xizmat qilgan mamlakatning qulashiga guvoh bo'lishgan, biri Shimoliy Afrikada, ikkinchisi Italiyada. Ikkovlari ham kuchli, yaxshi yo'lga qo'yilgan davlatni ko'rishga ulgurmaydi.
Ikkala mutafakkir o'z hukmdorlarining yaxshi va yomon sifatlarini tasvirlaydi va tahlil qiladi. Makiavelli idealidagi hukmdor o'z iqtidorini saqlab qolish uchun har qanday tubanlikka ham tayyor bo'lgan zolimdir*. Bu narsa hatto hozirgacha Makiavelli falsafasining ulug'ligiga soya solib turadi. Lekin uning o'zi "hukmdor fuqarolik boshqaruvi pozitsiyasidan mutlaq hokimlik pozitsiyasiga o'tishi davlatlar uchun halokatli" ekanini tan olib aytadi. "Shu sabab dono hukmdor qo'l ostidagilar unga doim sadoqatli bo'lishini ta'minlaydigan vositalarni izlaydi".
Ikkovlari ham Aflotun va Arastu falsafiy g'oyalarini chetlab o'tib, etika bilan politika orasini ajratishadi. Binobarin, Ibn Xaldun va Makiavellining davlatga munosabatini davlatni din ta'siridan ajratishgani sabab, sekulyar deb tavsiflash mumkin. Ikkovlari ham beozor ko'tinadigan yollanma askarlarga suyanishning xavfliligini anglashgan. Uzoq istiqbolda, yollanma askarlar davlatning qulashiga olib keladilar, chunki ular "Intizomsiz, diyonatsiz, do'stlar orasida botir, dushman qarshisida qo'rqoq"
Ibn Xaldunning "asabiyya" g'oyasi Makiavellining "virtu" g'oyasiga o'xshab ketadi. Xususan, ikkala mutafakkir ham siyosiy birdamlikni urushda va siyosatda betakror kuch manbai sifatida ta'kidlashgan. Ikkovi uchun ham kuch bu umuman olganda, tabiiy fenomen, tabiiy kuch.
Lekin, Hukmdor va Muqaddimani o'qigan kishi kattagina farqni payqashi mumkin: Ibn Haldun ijtimoiy o'lchovlarga Makiavellidan ko'ra ko'proq e'tibor qaratgan. Ibn Xaldun siyosiy hayot haqidagi umumiy fikrlari Makiavellidan ko'ra kengroq va hayotiyroq.
*(Albatta, Makiavelli falsafasi bundan ancha chuqur, bu esa keng tarqalgan noto'g'ri fikr – O.O.)
Society, State and Urbanism kitobidan Odilxon tarjimasi.
@ufq_horizon
BY UFQ
Share with your friend now:
tgoop.com/ufq_horizon/13