tgoop.com/uzbekonomics/1009
Last Update:
AQShda prezidentlik saylovi qanday ishlashi haqida qisqacha yoki prezidentni saylagan 537 dona ovoz haqida.
Bu jarayon siz o'ylagandek oson emas - AQShda eng ko'p ovoz olgan nomzod prezident bo'lmaydi. Eng ko'p elektoral kollegiyasi ovozlarini olgan nomzod prezident bo'ladi. Ya'ni, amerikaliklar prezidentga to'g'ridan-to'g'ri ovoz bermaydilar, ularning nomidan nomzodlarga ovoz beradigan elektoral kollegiyaga ovoz beradilar. Va shu kollegiya keyin (yanvarda) o'zlaridan kutilgan nomzodga ovoz beradilar.
Bu tizimda AQSHning 50ta shtatlarining (va DC) har biriga AQSh Kongressidagi vakilliklariga qarab bir qancha saylov ovozlari ajratiladi. Masalan, Kaliforniyada 54 ta, Vayomingda esa 3 ta elektoral kollegiya ovozi bor. Umumiy 538ta elektoral kollegiya ovozi bor. Kamida 270ta ovoz olgan nomzod prezident bo'ladi.
Eng ko'p ovoz to'plagan nomzodlar prezident bo'lmay qolgan vaziyatlar ham bo'lgan. 1800-yillardan beri eng ko'p ovozni qo'lga kiritgan besh nomzod elektoral kollegiyasida yetarli ovoz olmagani uchun mag'lub bo'lgan. Eng so'nggi va yaxshi misol bu 2016 yilgi saylovlarda bo'lgan. O'shanda Hillari Klinton Trampdan qariyb 3 millionga ko'p ovoz olgan, biroq elektoral kollegiyadan 80 ta kam ovoz olgan.
Barcha shtatlarda (Maine va Nebraskadan tashqari) ko'pchilik ovozini olgan nomzod shtatdagi barcha saylovchilar ovozlarini qo'lga kiritadi. Masalan, aytaylik Floridada 6 milionta ovoz beruvchi bor. 2,999,990 ovoz Harrisga va 3,000,010 ovoz Trumpga berilsa unda butun shtat Trampga ovoz berdi deb shtatdagi barcha 30 ta elektoral kollegiya ovozini qo'lga kiritadi. Ya'ni, shu 20 dona saylovchi deb butun shtat boshqa nomzodga ovoz berdi deb hisoblanadi. Winner takes all tushunchasi bilan.
Bu shunchaki gipotetik vaziyat emas. AQSh tarixidagi balki eng qiziq saylov 2000 yilda bo'lgan. Nomzodlar Bush (kichik) va Al Gor orasidan kim prezident bo'lishini bor yo'g'i 537 dona ovoz farqi hal qilgan. Poyga Florida shtatiga taqalgan va yerda kim 25ta elektoral kollegiya ovozini olsa prezident bo'lishi kerak edi. Florida shtatida 2,912,790 ta odam Bushga va 2,912,253 ta odam Al Gorga ovoz berishgan. Ya'ni, shu floridalik 537ta odam AQSh prezidenti kim bo'lishini, qaysisir ma'noda tarixni ham hal qilgan desa bo'ladi.
Albatta, bunday o'ta yaqin ovozlar yig'ilsa barcha byuletenlar birma-bir qayta sanaladi, o'z tartibi bor. Ish Oliy sudgacha borgan, bir oy davom etgan jarayon mobaynida AQShda kim prezident bo'lgani no'malumligicha qolgan. Oliy sudda "Bush v. Gore" keysi orqali prezident e'lon qilingan.
Shuning uchun ham AQShda "every vote counts" yoki ovoz bering, saylovga chiqing degan shiorlar, chaqiriqlarni ko'rasiz. Ikkala partiya tomondan. Chunki ko'rib turganingizdek, prezidentlikni bir necha yuz, bir necha ming ovozlar hal qilib ketadi. Ayniqsa, bu yilgisini. Tanga tashlab aniqlanadigan darajada turibdi desa bo'ladi.
@uzbekonomics
BY Uzbekonomics
Share with your friend now:
tgoop.com/uzbekonomics/1009