tgoop.com/uzbekonomics/1048
Last Update:
Ahmoqlik yoxud AQShda kutilayotgan keng ko'lamli deportatsiyalar va tariflarning iqtisodiyotga ta'siri haqida.
2-qism.
To'g'risi, Elon Mask ahmoqligining chegarasi yo'q ekan (hech qo'pol so'zlarni ishlatmasdim, bu safar ma'zur tutasizlar). Yuqorida aytilgan Donald Trampning Meksikadan keladigan barcha tovarlarga bojlar oshiriladi degan xabariga "endi AQSh sotiladigan fentanil, giyohvand moddaning narxi oshadi" debdi. Elon Mask aytmoqchiki, agar fentanil narxi oshsa, AQShda unga kamroq talab bo'ladi va uni olib kelish qimmatlashadi. Nimaga ahmoqlik? Birinchidan, AQShga Meksikadan kirib kelyapti deb aytilayotgan fentanil bu norasmiy kontrabanda bo'lib kelayotgan bo'ladi. Rasmiy ravishda va rasmiy kanallar orqali giyohvand modda kirib kelmaydiku, to'g'rimi? Import bojlari esa tabiiyki kontrabanda, qora bozorda, ko'chadan kirib kelayotgan tovarlarga qo'yilmaydi. Shunga Meksikadan kelgan tovarlarga bojlar oshirilsin degan qarorda fentanil bo'lmaydi.
Ikkinchidan, faraz qilaylik Maskning gapi to'g'ri - ya'ni narx oshadi. Lekin, bu xabari bilan Mask berayotgan messedj bu "hurmatli, obunachilar, fentanilning narxi 20 yanvardan boshlab oshadi, shuning uchun unga hozirdan sarmoya kiritinglar"
Uchinchidan, faraz qilaylik Maskning gapi to'g'ri - ya'ni narx oshadi. Mana shu gapi bilan Elon Mask mening yuqoridagi postimga dalilni o'z qo'li bilan yozib bermoqda: import bojlari mahalliy bozorda iste'molchilar to'laydigan narxni oshiradi! Ya'ni, import boji iste'molchi bo'yniga tushadi. Shuni Mask tasdiqlab beribdi.
To'rtinchidan, AQShga fentanilni Meksika orqali kelayotgan immigrantlar emas, asosan AQSh fuqarolarining o'zi olib kiradi. Bu hukumat idorasi beradigan fakt. Lekin, saylovoldi va saylovdan keyingi narrativ esa teskarisi, qo'rqutuv orqali ovoz olish uchun faqat immigrantlar Meksikadan giyohvand modda tashishyapti deyiladi. Xuddi, Ogayo shtatida Gaitilik immigrantlar mahalliy aholining kuchuklari va mushuklarini tutib olib, qovurib yeyishmoqda deb aytilgan uydurma kabi.
Menga farqi yo'q edi, masalan qandaydir bir tadbirkorning yoki ijtimoiy tarmoqdagi bir foydalanuvchining xato gapiga, lekin bu hozirda dunyoda eng faol yangilik manbasidagi eng ko'p kuzatiladigan akkount va shu manbaning egasi tomonidan, va defakto Trampning maslahatchisi/donori/yordamchisi tomonidan yozilgan bo'lgani uchun e'tiborga molik.
@uzbekonomics
BY Uzbekonomics
Share with your friend now:
tgoop.com/uzbekonomics/1048